Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini o‘rgangan kasb-hunari bo‘yicha yakuniy imtihondan o‘tkazish va ularga davlat namunasidagi elektron sertifikat berish tartibi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ–53-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo’yildi.
Unga ko’ra, kasbiy ta’lim yo‘nalishiga mos kasb-hunar o‘rgangan 11-sinf bitiruvchilariga maktab direktorining buyrug‘iga asosan yakuniy imtihonni topshirishga ruxsat beriladi.
Yakuniy imtihon o‘tkaziladigan kuni va vaqti yakuniy attestatsiya komissiyaning raisi tomonidan tasdiqlanadi va yakuniy imtihon boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin hududiy kasbiy ko‘nikmalar markaziga rasmiy habar beriladi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktabining kirish qismiga osib qo‘yiladi.
Yakuniy imtihon natijalari imtihon yakunlangandan so‘ng shu kunning o‘zida e’lon qilinadi. Imtihonga uzrli sabablarga ko‘ra kelmagan o‘quvchilar Komissiya qaroriga asosan imtihonni shu yili 1-iyulga qadar qayta topshirishi mumkin. Qayta topshirishdan o‘ta olmagan bitiruvchilarga sertifikat berilmaydi.
Bitiruvchilarga sertifikat maktab pedagogik kengashining qarori asosida elektron platforma orqali beriladi.
Bitiruvchilarga sertifikat har yili 25-iyunga qadar beriladi. Yakuniy imtihonni qayta topshirgan yoki ma’lum sabablarga ko‘ra kech topshirgan bitiruvchilarga sertifikat 1-iyulga qadar berilishi mumkin Bitiruvchilar ushbu sertifikatni elektron platformadan bepul yuklab olishadi. Platformadan yuklab olingan sertifikat yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, sertifikatni platforma orqali qaytadan yuklab olishlari mumkin.
