Xitoy maktablarida sunʼiy intellekt taʼlimi majburiy qilinmoqda

Xitoy maktablarida sunʼiy intellekt taʼlimi majburiy qilinmoqda

Xitoy poytaxti Pekin shahrida oʻquvchilar, jumladan, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun ham sunʼiy intellekt taʼlimini majburiy qilinmoqda. Bu haqda businessinsider.com nashri maʼlum qildi.

 

 

Xabarda aytilishicha, boshlangʻich sinfdan oʻrta maktabgacha oʻquvchilar uchun sunʼiy intellekt taʼlimi majburiy boʻladi. Bu harakat Xitoy sunʼiy intellekt poygasida oldinda borayotgani sababli amalga oshirilmoqda.

 

 

Pekin shahar taʼlim komissiyasi juma kuni bergan bayonotiga ko’ra, joriy yilning kuzidan boshlab shahar maktablari bir oʻquv yilida kamida 8 soat sunʼiy intellektni oʻqitishi kerak.

 

 

Shuningdek, maktablar sunʼiy intellektni mustaqil kurs sifatida oʻqitishi yoki uni fan va axborot texnologiyalari kabi mavjud kurslarga qoʻshishi mumkin.

 

 

Yangi rejaga koʻra, odatda olti yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan boshlangʻich sinf oʻquvchilari sunʼiy intellektni tushunishni boshlash uchun amaliy kurslardan oʻtadi. Oʻrta maktab oʻquvchilari sunʼiy intellektni maktab ishlari va kundalik hayotda qanday qoʻllashni oʻrganadi. Yuqori sinf oʻquvchilari esa sunʼiy intellekt ilovasini kuchaytirishga eʼtibor qaratadi.