Samarqand xalqaro texnologiya universitetining 352 nafar talabasi 1-dekabrdan o‘zlari tanlagan oliy ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bu haqda universitet axborot xizmati ma’lum qildi.
Avvalroq Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyati tugatilayotganligi va talabalar boshqa oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishi haqida xabar berilgan edi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi universitet bilan bog‘liq holat yuzasidan munosabat bildirib, talabalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.
Universitet ma’muriyati talabalarni boshqa OTMlarga ko‘chirish masalasi yuzasidan munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, vazirlik ishchi guruhi 2026-yil 13–15-noyabr kunlari universitetda bo‘lib, talabalarni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilgan. Jami 352 ta ariza vazirlikka topshirilgan. Vazirlik mas’ullari universitet rahbariyatiga ushbu arizalarni qanoatlantirish haqida qaror qabul qilinganini bildirgan.
Vazirlik ishchi guruhiga o‘z arizalarini topshirgan 352 nafar talaba 2026-yilning 1-dekabrdan e’tiboran yozgan arizalariga muvofiq o‘zlari tanlagan oliygohga bevosita murojaat qilishlari va o‘quv jarayonlariga kirishishlari mumkinligini ma’lum qilindi.
Shuningdek, universitet ishchi guruh jo‘nab ketganidan keyin o‘z rahbariyatiga ariza topshirgan yana 29 nafar talabaning murojaatlari vazirlikka yetkazilganini va hozirda ko‘rib chiqilayotganini qayd etgan.
‘‘Ayrim sabablarga ko‘ra, vazirlik ishchi guruhi jo‘nab ketgach, arizalarini universitet rahbariyatiga taqdim etgan 29 nafar talabaning arizalari vazirlikka yetkazilgan va hozirda ko‘rib chiqish jarayonida ekanini ma’lum qilamiz.
Shu kunga qadar vazirlikka ariza taqdim etmagan talabalardan 30-noyabr sanasida kelib, o‘qishni ko‘chirish yuzasidan arizalarini topshirishlari mumkinligini bildiramiz. Arizalar bilan murojaat qilishning so‘nggi muddati 2026-yilning 30-noyabr kuni ekanligini e’tiborga olishingiz so‘raladi’’, — deyiladi munosabatda.
Bundan tashqari, universitetning birinchi kursiga qabul qilingan 31 nafar talabaning o‘qishni boshlash yuzasidan vazirlikning yakuniy xulosasi 30-noyabr kuni e’lon qilinishi kutilayotganligi ta’kidlangan.
