Vazir jamg‘armasi hisobidan beriladigan qo‘shimcha to‘lov maktab o‘qituvchilari uchun oyiga 7 mln 480 ming so‘m, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari uchun esa 2 mln 720 ming so‘mni tashkil etadi. Ustama 9 oy davomida to‘lanib, o‘qituvchi jami 67 mln 320 ming so‘m olishi mumkin.
Vazir jamg‘armasi hisobidan pedagoglarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan. Ushbu tartib 2025-yil 28-fevraldagi 130-son qaror bilan yangilangan.
Vazir ustamasi miqdori qancha?
Nizomga muvofiq, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan maktab fan o‘qituvchilariga eng kam ish haqining 5,5 baravari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga esa 2 baravari miqdorida har oylik ustama beriladi.2026-yil 1-sentabrdan boshlab eng kam ish haqi 7 foizga oshirilib, 1 mln 360 ming so‘m etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, ustama miqdori quyidagicha hisoblanadi:
- Maktab o‘qituvchilari uchun: 1 360 000 × 5,5 = 7 480 000 so‘m;
- Bog‘cha tarbiyachilari uchun: 1 360 000 × 2 = 2 720 000 so‘m.
To‘qqiz oylik davrda maktab o‘qituvchisi jami 67 mln 320 ming so‘m, bog‘cha tarbiyachisi esa 24 mln 480 ming so‘m qo‘shimcha daromad oladi.
Kimlar vazir ustamasiga da’vogarlik qilishi mumkin?
Ushbu rag‘batlantirishga attestatsiyaning birinchi bosqichida, ya’ni mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha o‘tkaziladigan sinovda umumiy ballning kamida 80 foizini to‘plagan maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari nomzod bo‘lishi mumkin. Bunda attestatsiya davomida imtiyoz tariqasida berilgan maksimal ballar hisobga olinmaydi.
Majburiy attestatsiyadan ozod etilgan yoki navbatdagi sinovda qatnashishi shart bo‘lmagan pedagoglar ham o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etib, saralashda qatnashish imkoniyatiga ega.
Kuzgi attestatsiya natijalari qachon inobatga olinadi?
Amaldagi nizomga ko‘ra, vazir ustamasi uchun saralashda ustama tayinlanadigan yildan oldingi yilning yanvar–iyun hamda sentabr–dekabr oylarida o‘tkazilgan attestatsiya natijalari hisobga olinadi.
Shu bois 2026-yil kuzgi attestatsiyasida yuqori natija qayd etgan pedagoglar 2027-yilgi ustama tanlovida ishtirok etishi mumkin.
Demak, attestatsiyada yuqori ball olish nafaqat malaka toifasini oshirish, balki qo‘shimcha ravishda 9 oy davomida vazir ustamasini qo‘lga kiritish imkoniyatini ham beradi.
Ustama olish uchun saralash qanday tashkil etiladi?
Vazir jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ustama oluvchilarni aniqlash jarayoni bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Bunda barcha talabgorlar emas, balki belgilangan kvota doirasida eng yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar keyingi bosqichga tavsiya etiladi.
Saralash tartibi quyidagicha:
- 20-yanvargacha — vazirlik respublika miqyosida ustama olishi rejalashtirilgan pedagoglar sonini, ya’ni kvotani belgilaydi.
- 1-fevralgacha — ajratilgan o‘rinlar hududlar va fan yo‘nalishlari kesimida taqsimlanadi.
- 1-martgacha — avvalgi yilgi attestatsiya natijalari o‘rganilib, har bir kvota bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan uch nafar nomzod saralab olinadi.Keyingi 60 ish kuni davomida tanlab olingan nomzodlar bilan kasbiy mahoratini baholashga qaratilgan suhbat o‘tkaziladi. Suhbat jarayoni videoyozuvga olinadi.Saralash yakunlanganidan keyin 15 ish kuni ichida — ustama oluvchilar ro‘yxati vazir buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Agar nomzodlarning to‘plagan ballari teng bo‘lsa, avvalo yuqoriroq malaka toifasiga ega pedagogga, undan keyin esa ish staji ko‘proq bo‘lgan talabgorga ustunlik beriladi.
O‘qituvchi boshqa maktabga ishga o‘tsa, ustama to‘xtatiladimi?
Yo‘q. Nizomning 21-bandiga muvofiq, ustama olayotgan pedagog vazirlik tizimidagi boshqa ta’lim tashkilotiga yoki boshqa lavozimga o‘tsa ham, belgilangan to‘lov muddati yakunlanguniga qadar qo‘shimcha haq olishda davom etadi.
Biroq pedagog vazirlik tizimidagi faoliyatini butunlay to‘xtatsa, unga ustama to‘lash ham bekor qilinadi. Bunday holatda tashkilot rahbari besh ish kuni ichida yuqori turuvchi tashkilotni xabardor qilishi lozim.
Shuningdek, vazir ustamasini olayotgan pedagogga ayni jamg‘arma hisobidan bir martalik pul mukofoti berilmaydi.
Pedagoglar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Vazir ustamasiga nomzod bo‘lishni istagan o‘qituvchi va tarbiyachilar attestatsiya sinovlarida kamida 80 foizlik natijani qayd etishi lozim. Imtiyoz asosida maksimal ball olgan pedagoglar esa navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish imkoniyatini aniqlashtirishi mumkin.
Bundan tashqari, kelgusi yilning yanvar–fevral oylarida belgilanadigan kvotalar ham muhim ahamiyatga ega. Chunki 80 foizlik natija talabgorga saralashda qatnashish huquqini beradi, biroq ustama tayinlanishini kafolatlamaydi. Yakuniy qaror kvota, attestatsiya natijalari va kasbiy mahorat suhbatiga asoslanib qabul qilinadi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari matematika fanidan tegishli sertifikatga ega bo‘lsa, ushbu fan dars soatlari uchun 20 foiz ustama olishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
