Tuman “Kelajak” markazlarida direktor lavozimlari uchun tanlov e’lon qilindi. Nomzodlardan oliy ma’lumot hamda kamida 3 yillik staj talab etiladi.
Tuman “Kelajak” markazlari direktorligi lavozimiga quyidagi hududlarda vakansiya mavjud:
- Samarqand viloyati Ishtixon tumani;
- Toshkent shahri Yakkasaroy tumani;
- Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani;
- Surxondaryo viloyati Termiz tumani.
Arizalar 24-noyabrdan 8-dekabrgacha qabul qilinadi. Nomzodlar hujjatlarini tanlov.uzedu.uz elektron platformasi orqali topshirishi mumkin.
Nomzodlarni saralash ikki bosqichda — test sinovi va suhbat asosida amalga oshiriladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, lavozimga nomzod oliy, bakalavr darajasidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Bunda magistratura yoki ilmiy darajaga egalik ustunlik beradi. Mutaxassisligi esa pedagogika yoki psixologiya yo‘nalishida bo‘lishi lozim.
Shuningdek, nomzoddan ta’lim sohasida kamida 3 yillik pedagogik staj talab etiladi.
Direktor lavozimiga nomzod Microsoft Office dasturi (Word, Excel, Power Point va h.k), zamonaviy axborot texnologiyalarida va internet tarmogʻida mustaqil foydalanuvchi sifatida turli ish dasturlari bilan ishlash boʻyicha yetarli koʻnikmaga ega boʻlishi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasiga oid qonunchilik hamda idoraviy va ichki lokal hujjatlardan, shuningdek, taʼlim standartlaridan xabardor boʻlishi kerak.
Shuningdek, xorijiy tillardan birini boshlang‘ich darajada bilish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilish ustunlik beradi.
