Lion shahridagi litseyda tanaffus vaqtida o‘quvchilar orasiga yoqilgan pirotexnika vositasi tashlangan. Oqibatda 40 nafarga yaqin o‘quvchi tibbiy yordamga murojaat qilgan, hodisadan keyin ikki nafar o‘quvchi qo‘lga olingan.
Fransiyaning Lion shahridagi La Martinière-Monplaisir litseyida pirotexnika vositalari bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. 2026-yil 23-noyabr kuni maktab hududida bir necha marta mushakbozlik uyushtirilgan, ulardan biri tanaffus vaqtida o‘quvchilar to‘plangan joyga uloqtirilgan.
Lyon Mag nashrining yozishicha, dastlabki hodisalar darslar boshlanishidan oldin sodir bo‘lgan. Maktab tashqarisida huquq-tartibot idoralari xodimlari bo‘lishiga qaramay, ikkita pirotexnika vositasi portlatilgan.
Vaziyat soat 10:00 ga yaqin yanada keskinlashgan. Maktab foyesida ko‘plab o‘quvchilar tanaffus paytda yoqilgan pirotexnika vositasi ular orasiga tashlangan.
40 ga yaqin o‘quvchi tibbiy yordamga murojaat qilgan
Maktab direktorining ota-onalarga yuborgan elektron xatida hodisa oqibatida ko‘plab o‘quvchilar zarar ko‘rgani qayd etilgan. 40 ga yaqin o‘quvchi maktab tibbiyot xonasiga murojaat qilgan. Ularning ayrimlari yengil tan jarohati olgan, boshqalari esa ruhiy shok holatiga tushgan.
Le Progrès nashri ma’lumotiga ko‘ra, hodisaga aloqadorlikda gumon qilingan ikki nafar o‘quvchi tushga qadar qo‘lga olingan. Maktab direktori ham ota-onalarga yuborgan xatida pirotexnika vositalarini portlatganlikda gumon qilinayotgan ikki o‘quvchi aniqlanganini bildirgan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq AQShdagi boshlang‘ich maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida uch nafar bola va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘lgan edi. Unda, 16 yoshli hujumchi mahalliy aholi vakili tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik.
