Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarining qishki ta’tili har yili ikki hafta davom etadi. 2026/2027-o‘quv yili kalendarini hisobga olganda, ta’til 28-dekabrdan boshlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 560-son qaroriga muvofiq, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari talabalari hamda o‘quvchilari uchun har yili ikki haftalik qishki ta’til tashkil etiladi.
Qarorning 1-bandida ta’til dekabr oyining oxirgi o‘n kunligi va yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oralig‘ida o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, hujjatning 2-bandiga ko‘ra, vakolatli vazirlikka mavjud sharoitdan kelib chiqib, talabalar va o‘quvchilarga ta’til berish muddatini o‘zgartirish huquqi berilgan.
2026/2027-o‘quv yili kalendariga ko‘ra, 28-dekabr dushanba kuniga to‘g‘ri keladi. Agar o‘tgan yilgi muddatga o‘xshash tartib qo‘llansa, talabalar uchun qishki ta’til 2026-yil 28-dekabrdan boshlanib, 2027-yil 10-yanvargacha davom etishi mumkin. Bunday holatda o‘qish jarayoni 11-yanvar, dushanba kuni qayta boshlanishi ehtimoli bor.
Eslatib o‘tamiz, 2025/2026-o‘quv yilida ham oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida qishki ta’til 28-dekabrdan 10-yanvargacha davom etgan edi.
Hozircha 2026/2027-o‘quv yili uchun qishki ta’tilning aniq sanalari vakolatli vazirlik tomonidan rasman e’lon qilinmagan. Shu sababli yuqoridagi muddatlar taxminiy hisoblanadi.
