“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2026-yilgi ikkinchi ochiq stipendiya tanlovi 1-bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.
Xabaringiz bor, “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2026-yil uchun ikkinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qilgan edi. Tanlov doirasida nomzodlardan hujjatlar 2026-yil 1-noyabrdan 15-noyabrga qadar jamg‘armaning maxsus onlayn platformasi orqali 24/7 rejimida qabul qilingan.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, tanlov komissiyasining texnik guruhi tomonidan birinchi bosqichda nomzodlar taqdim etgan hujjatlarning tanlov nizomi talablariga muvofiqligi va to‘liqligi o‘rganilgan. Saralash natijalari umumlashtirilib, Tanlov komissiyasiga taqdim etilgan.
Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Shuningdek, birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan va belgilangan muddatda SAT, GRE, GMAT yoki A-Level xalqaro sertifikatlarini taqdim etgan nomzodlar test sinovlaridan ozod qilinadi. Ularning ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Tanlovning keyingi bosqichlari qanday o‘tkaziladi?
Tanlovning test bosqichida kamida 61 ball to‘plagan nomzodlar suhbatga o‘tkaziladi. Suhbatda ham 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzod “suhbatdan o‘tgan” deb e’tirof etiladi.
Ma’lumot uchun, “El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblariga xorijda bakalavriat, magistratura yoki doktoranturada ta’lim olish bilan bog‘liq quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
- xorijiy ta’lim muassasasida o‘qish to‘lovi;
- viza olish xarajatlari;
- ta’lim muassasasigacha borish va qaytish yo‘lkira xarajatlari (ko‘pi bilan yiliga bir marta);
- xorijda ta’lim olish davridagi yashash, ovqatlanish, tibbiy sug‘urta va transport xarajatlari;
- zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, ilmiy maqolalarni chop ettirish va elektron bazalardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar.
Bundan tashqari, Jamg‘arma Vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra, stipendiatlarning xorijda ta’lim olishi bilan bevosita bog‘liq boshqa xarajatlari ham qoplanishi mumkin. Har bir ta’lim dasturi bo‘yicha bitta stipendiat uchun ajratiladigan xarajatlarning eng yuqori miqdori ham Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
Stipendiat ta’lim dasturini tamomlaganidan keyin ko‘pi bilan bir oy ichida O‘zbekistonga qaytib kelishi va ish beruvchi tashkilotida mehnat faoliyatini boshlashi lozim. Shuningdek, o‘qish davrida belgilangan akademik talablarga rioya qilish, o‘qish natijalari haqida Jamg‘armaga ma’lumot taqdim etish va shartnomada belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarish talab etiladi.
