Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida Damas avtomobilida belgilangan me’yordan ortiq, jami 20 nafar bolani tashigan 60 yoshli haydovchi aniqlandi. U bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida Damas avtomobili to‘xtatilib, salonida 20 nafar bola borligi aniqlangan. Bu haqda ‘‘Milliy’’ telekanalining ‘‘Millar’’
dasturida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi bolalarni tashish vaqtida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmagan. Shuningdek, avtomobilni boshqarish jarayonida mobil telefondan foydalangan. Tekshiruvda uning avval ham yo‘lovchi tashish qoidalarini buzganligi aniqlangan.
Haydovchiga nisbatan Yo‘l harakati qoidalarining 159-bandi, ya’ni transport vositasining texnik tavsifnomasida belgilanganidan ortiq yo‘lovchi tashish talabini buzganlik holati bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida 2 nafar Damas avtomobili haydovchisi belgilangan miqdordan ortiq bog‘cha bolasini tashigani aniqlangani haqida xabar bergan edik.
