Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida birinchi sinf darsliklarini 2027/2028-o‘quv yilidan yangi alifboda nashr etish, qolgan sinflar darsliklarini esa 2031-yilgacha bosqichma-bosqich yangilash taklif etilmoqda. Shuningdek, pedagoglar uchun yangi imlo qoidalariga oid seminar va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bundan 1 oy avval, 21-oktyabr kuni Prezident tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun imzolangan edi. Mazkur qonunni ijro etish bo‘yicha hukumat loyihasi muhokamalar portaliga joylandi.
Loyihaga ko‘ra, umumta’lim maktablarining o‘zbek tilidagi darslik va o‘quv-metodik majmualarni yangi alifboga moslashtirish uchun amaldagi darsliklar xatlovdan o‘tkazilib, ularning oxirgi nashr qilingan yili va navbatdagi nashr muddatlari aniqlanadi. Shundan so‘ng darsliklarni yangi alifboda nashr etish jadvali ishlab chiqiladi.
Birinchi sinf darsliklari va o‘quv-metodik majmualarini 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab yangi alifboda joriy etish nazarda tutilgan. Qolgan sinflar uchun darsliklar esa belgilangan nashr davriyligidan kelib chiqib, 2027–2031-yillar davomida bosqichma-bosqich yangilanadi.
Hujjatda 2028-yil 1-avgustga qadar umumta’lim maktablarining 5–11-sinf o‘quvchilari imloviy savodxonligini baholashda muayyan yengillik berish bo‘yicha vaqtinchalik uslubiy yo‘riqnoma ishlab chiqish belgilangan. Ushbu yo‘riqnoma o‘quvchilar bilimini baholash, yakuniy davlat attestatsiyasi va kirish imtihonlarida ham qo‘llanadi.
2027-yildan boshlab pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlariga yangi alifbo va imlo qoidalariga oid maxsus o‘quv modullari kiritiladi. Shuningdek, o‘qituvchilar uchun seminar-treninglar, qisqa muddatli o‘quv kurslari, vebinarlar va metodik mashg‘ulotlar ham tashkil etiladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun esa yangi harflarni o‘rgatuvchi rasmli kitobchalar, magnitli harflar, o‘yinchoqlar, audioertaklar va animatsion roliklar tayyorlanadi.
Loyihada elektron jurnal, kundalik, ta’lim platformalari va axborot tizimlarini yangi alifboga moslashtirish ham belgilangan. Bundan tashqari, Android, iOS, macOS va Windows operatsion tizimlariga mos yagona klaviatura standartini ishlab chiqish, yangi harflarni qulay kiritish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Sun’iy intellekt platformalarini ham yangi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalariga moslashtirish bo‘yicha xalqaro kompaniyalarga murojaat yuborish nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, fuqarolarning familiyasi, ismi va otasining ismi eski yoki yangi harflarda yozilgani sababli ularni aniqlash, davlat xizmatlaridan foydalanish yoki hujjatlarini qabul qilish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, ID-kartalar, xorijga chiqish biometrik pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda yangi alifbodan foydalaniladi. Biroq amaldagi alifboda tayyorlangan blankalardan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.
2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha mahsulot qadoqlari va yorliqlarida eski va yangi alifbodan parallel foydalanishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan. 2028-yil 22-apreldan boshlab esa yangi buyurtma asosida chop etiladigan qadoqlarda takomillashtirilgan alifbodan foydalanish majburiy bo‘lishi taklif etilgan. Avvalgi alifboda chop etilgan qadoqlash materiallari zaxirasidan 2029-yil 22-aprelgacha foydalanishga ruxsat berish ham nazarda tutilgan.
Hujjatda yangi alifboni joriy etish bo‘yicha davlat idoralari va tashkilotlari bir oy muddatda o‘z yo‘l xaritalarini ishlab chiqishi, vazifalar ijrosi esa har oyda kamida bir marta muhokama qilib borilishi taklif etilgan. Qaror loyihasining ijrosi bilan bog‘liq xarajatlarni 2027-yilda tegishli vazirlik va idoralarga ajratilgan mablag‘lar doirasida, 2028-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutish rejalashtirilgan.
Loyiha 6-dekabr kuniga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ‘‘Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida’’gi Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach, 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.
