Ta’lim va ilm-fan vazirligi maktab o‘quvchilarini 4-, 7-, 9- va 11-sinflarda baholashning yangi tartibini taklif qildi. Yagona davlat imtihoni bo‘yicha 2017-yildan beri e’lon qilingan rejalardan birortasi hozircha amalga oshmagan.
13-noyabr kuni e’lon qilingan taklifga ko‘ra, 11-sinfda yagona davlat imtihoni (YaDI) o‘tkaziladi. Uning natijasi ham attestatga baho sifatida yoziladi, ham oliygoh yoki texnikumga kirishda hisobga olinadi.
Yangi tartib 2027/2028-o‘quv yili yakunida Toshkent shahri va Navoiy viloyatida sinovdan o‘tkaziladi. 2028/2029-o‘quv yili yakunidan esa barcha hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.
Taklif hali tasdiqlanmagan. Vazirlik o‘quvchilar, ota-onalar va pedagoglar fikrini anonim onlayn so‘rovnoma orqali o‘rganmoqda. So‘rovnoma 8 bo‘lim va 30 ga yaqin savoldan iborat.
Taklifda nima bor?
Baholash to‘rt bosqichda o‘tadi.
| Sinf | Shakli | Natija nimaga ta’sir qiladi |
| 4-sinf | Diagnostik test: o‘qish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar; maktabning o‘zida | Keyingi sinfga o‘tishga ta’sir qilmaydi; natija ota-ona va o‘qituvchiga beriladi, o‘quvchilar taqqoslanmaydi |
| 7-sinf | Savollar va mantiqiy topshiriqlar orqali kasbiy qiziqish va qobiliyatlarni aniqlash | Tavsiya majburiy emas; 7–9-sinflar uchun “Kasblar shaharchasi”, texnikum va korxonalarga tashriflar |
| 9-sinf | Asosiy davlat imtihoni: ona tili (majburiy) va ikkita tanlov fani | Shahodatnomaga baho; akademik litsey va texnikumga qabulda hisobga olinadi |
| 11-sinf | Yagona davlat imtihoni | Attestatga baho va OTM yoki texnikumga qabul; natija 2 yil amal qiladi |
9-sinf imtihoni bepul bo‘ladi. Natijadan norozi o‘quvchi 10 kun ichida bepul apellyatsiya bera oladi.
Eng kam ballni to‘play olmaganlarga 2 oy ichida bir marta qayta topshirish imkoni beriladi. Ball yetmasa ham o‘quvchi o‘z maktabida 10-sinfda o‘qishni davom ettirishi mumkin.
11-sinf imtihoni fanlari kamida 6 oy, namunaviy testlar esa kamida 3 oy oldin e’lon qilinadi. Imtihon o‘sha yilgi bitiruvchilar uchun bepul, bir necha urinishdan eng yuqori natija hisobga olinadi.
Imtihonlar asosan kompyuterda, zarur hollarda qog‘ozda o‘tkaziladi. Markaz yoki maktabda shaxs tekshiriladi va videokuzatuv yuritiladi. Kompyuterda topshirilgan imtihon natijasi yakunlangach darhol e’lon qilinadi.
Sinov bosqichi natijalari o‘quvchining keyingi bosqichga o‘tishi yoki oliygohga kirishiga ta’sir qilmaydi.
Avval nimalar rejalashtirilgan edi?
YaDI haqida ilk bor 2017-yilda gapirilgan. O‘shanda xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov maktablar 11 yillik ta’limga qaytishi bilan YaDIga bosqichma-bosqich o‘tilishini aytgan edi. Biroq muddat ham, hujjat ham e’lon qilinmagan.
Shundan beri uchta hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yilgan: 2020 va 2022-yillarda Davlat test markazi Prezident qarori loyihalarini, 2026-yil aprelida esa Prezident farmoni loyihasi chiqarildi. Ularning hech biri qabul qilinmagan.
| Sana | Nima rejalashtirilgan | Keyingi holat |
| 2017-yil 29-sentyabr | 11 yillik maktabga qaytish bilan YaDIga bosqichma-bosqich o‘tish | Muddat ham, hujjat ham e’lon qilinmagan |
| 2020-yil 2-aprel | 2021/2022-o‘quv yilidan majburiy fanlar va yo‘nalish bo‘yicha 2 fandan yagona test | Karantin sababli 2020-yilgi qabul istisno tariqasida 2 fandan o‘tkazildi |
| 2020-yil 24-iyul | Bitiruvchilar ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan test topshiradi | Loyiha qabul qilinmagan |
| 2020-yil 6-noyabr | Test topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim dasturlariga moslashtiriladi | Hozir ham amalda |
| 2022-yil 26-iyul | 2024/2025-o‘quv yilidan 3 majburiy va 2–4 tanlov fani, 3 yil amal qiladigan elektron attestat | Muhokama 9-avgustda yakunlangan, hujjat qabul qilinmagan |
| 2024-yil may | 2024/2025-o‘quv yilidan OTM, kollej va texnikumlarga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili | Joriy etilgan |
| 2025-yil 8–9-sentyabr | Bitiruv va kirish imtihonlari sun’iy intellekt elementlari bilan bitta onlayn imtihonga birlashtiriladi; 12 yillik ta’limga o‘tish | 12 yillik ta’lim bo‘yicha farmon qabul qilingan |
| 2025-yil 15-sentyabr | “Yangi o‘quv yilidan” 9- va 11-sinflar uchun YaDI | 2026-yil fevralida bu yil joriy etilmasligi aytilgan |
| 2026-yil 25-fevral | Joriy yilda YaDI joriy etilmaydi, “avval test, keyin tanlov” saqlanadi | Qabul-2026 shu tartibda o‘tgan |
| 2026-yil 16-aprel | 2026/2027 sinovi: Navoiy, Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston, Toshkent viloyati; 2027/2028 yakunidan to‘liq | Muhokama 30-aprelda yakunlangan; farmon e’lon qilinmagan |
| 2026-yil 15–17-oktyabr | Maktab dasturi va kirish testlari o‘rtasidagi tafovut masalasi ko‘tarilgan | BMBA PQ-4884 talablariga amal qilinayotganini bildirgan |
| 2026-yil 13-noyabr | 4-, 7-, 9-, 11-sinflar tizimi; sinov 2027/2028 yakunida, to‘liq joriy etish 2028/2029 yakunidan | Jamoatchilik fikri o‘rganilmoqda |
To‘rt loyiha qanday farq qiladi?
Hamma loyihada maqsad bir: maktab bitiruv imtihoni va oliygohga kirish testini birlashtirish. Fanlar soni, mas’ul idora va muddatlar esa har safar o‘zgargan.
| 2020-yil iyul | 2022-yil iyul | 2026-yil aprel | 2026-yil noyabr | |
| Tashabbuskor | DTM | DTM | Farmon loyihasi; platformani BMBA yaratadi | Vazirlik |
| 11-sinf fanlari | Ona tili, matematika, O‘zbekiston tarixi | 3 majburiy (ona tili, matematika, O‘zbekiston tarixi) + 2–4 tanlov | Ona tili, matematika + 2 tanlov | Hali e’lon qilinmagan |
| 9-sinf | Ko‘zda tutilmagan | Ko‘zda tutilmagan | Ona tili, matematika + 2 tanlov | Ona tili + 2 tanlov fani; natija shahodatnomaga baho sifatida |
| 4- va 7-sinf | Yo‘q | Yo‘q | Yo‘q | Diagnostika va kasbiy qiziqish testi |
| Natija amal qilish muddati | — | 3 yil | — | 2 yil, eng yuqori natija hisoblanadi |
| Sertifikat egalari | — | Minimal ballga mos sertifikat bo‘lsa, attestatsiyadan ozod | Milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lsa, fandan ozod, maksimal yoki tabaqalashtirilgan ball | — |
| Imtihon vaqti | — | Iyun–iyul | Ro‘yxat 1-yanvar – 31-mart, imtihon may–iyul | — |
| To‘lov | — | Oldingi yillar bitiruvchilari uchun pullik, imtiyozli toifalar uchun bepul | — | Joriy yil bitiruvchilariga bepul |
| Boshlanishi | 2021/2022 | 2024/2025 | Sinov 2026/2027 | Sinov 2027/2028 yakuni |
2020 va 2022-yilgi loyihalarda O‘zbekiston tarixi majburiy fan bo‘lgan. 2026-yil aprelidagi loyihada u majburiy fanlar ro‘yxatida yo‘q.
Nega hozirgacha joriy etilmadi?
Idoralar bu savolga rasmiy izoh bermagan. Ochiq manbalarda esa jarayonga ta’sir qilgan bir necha qaror va holat qayd etilgan.
2020-yildan oliygohga kirish uchun 3 majburiy va 2 asosiy fandan imtihon rejalashtirilgan edi. Karantin tufayli bu formatga tayyorlanish imkoniyati cheklandi va qabul istisno tariqasida 2 fandan o‘tkazildi.
2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884 qaroriga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan kirish testlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuziladi. 2026-yil oktyabrida “Ishonch” gazetasi maktab dasturi bilan testlar o‘rtasidagi tafovut masalasini yana ko‘tardi. Bilim va malakalarni baholash agentligi (BMBA) javobida testlar hamon shu qaror asosida tuzilishini bildirdi.
2024-yil mayida qabulda boshqa tartib joriy etildi: abituriyent avval test topshiradi, keyin 15 kun ichida 5 tagacha yo‘nalish tanlaydi.
“Mazkur ikki bosqichli tanlov tamoyili amaliyotda yaxshi natija berdi”, — degan edi BMBA bo‘lim boshlig‘i Jamshid Odilov 2026-yil fevralidagi matbuot anjumanida. O‘shanda u joriy yilgi qabulda YaDI joriy etilmasligini ham ma’lum qilgan.
Mas’ul idoralar ham o‘zgardi. 2020 va 2022-yilgi loyihalarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tayyorlagan. 2026-yil oktyabrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligiga birlashtirildi. Noyabr taklifi shu vazirlik nomidan e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun: 2025-yil sentyabrida YaDI bilan bir vaqtda umumiy o‘rta ta’limni 12 yillik tizimga o‘tkazish e’lon qilingan: 1 yil tayyorlov, 4 yil boshlang‘ich va 5 yil asosiy ta’lim (5–9-sinflar).
Qo‘shni davlatlarda qanday?
Rossiyada yagona davlat imtihoni 2009-yildan attestat olish uchun majburiy. 9-sinf uchun alohida asosiy davlat imtihoni o‘tkaziladi.
Qozog‘istonda Yagona milliy test 2004-yilda joriy etilgan. 2017-yilgacha u ham bitiruv attestatsiyasi, ham oliygohga saralash vazifasini bajargan. 2017-yilda maktab bitiruv imtihonlari va oliygohga kirish testi ajratildi.
Nima hali noma’lum?
Vazirlik 11-sinf imtihoni qaysi fanlardan iborat bo‘lishini e’lon qilmagan. Aprel loyihasida ko‘zda tutilgan 2026/2027-o‘quv yili sinovining taqdiri ham aytilmagan.
Imtihonni vazirlik yoki BMBA o‘tkazishi, maktab va markazlar kompyuterda imtihonga qanchalik tayyorligi, yangi tizim 12 yillik ta’limga o‘tish muddatlari bilan qanday bog‘lanishi ham hozircha noma’lum.
