Ona tili va adabiyot, tarix hamda geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlarining oktabr oyidagi natijalari bugun, 20-noyabr kuni e’lon qilinadi. Ushbu fanlardan navbatdagi imtihonlarda qatnashish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish esa ertaga, 21-noyabrda boshlanadi.
Xabaringiz bor, 2026-yil 23–26 va 31-oktyabr kunlari ona (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) tili va adabiyot, tarix hamda geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilgan edi.
Bilimni baholash agentligi mazkur imtihon natijalari noyabr oyining oxirida e’lon qilinishi kutilgan bo‘lsa-da, talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularni ertaroq e’lon qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, oktyabr oyida o‘tkazilgan imtihonlar natijalari bugun kun yakuniga qadar my.gov.uz sayti orqali e’lon qilinadi.
Ushbu fanlardan navbatdagi milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etish istagidagi talabgorlar 21-noyabrdan 4-dekabrgacha my.gov.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. To‘lovlarni esa 5-dekabrga qadar amalga oshirish lozim.
Shuningdek, agentlik navbatdagi imtihonlar uchun ro‘yxatga olishda talabgorlar soniga cheklov qo‘yilmasligini ma’lum qildi.
Imtihonlarning aniq sanalari ro‘yxatga olish yakunlangach, talabgorlar soni va ularning hududlar bo‘yicha taqsimotidan kelib chiqib belgilanadi. Imtihon sanalari ularning boshlanishidan 7 kun oldin e’lon qilinadi.
