O‘zbekistonda mahkumlarga ham oliy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi

O‘zbekistonda mahkumlarga ham oliy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar oliy ta’lim tashkilotlariga kirib, masofaviy shaklda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.

 

O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlariga kirish va masofaviy shaklda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish imkoniyati yaratiladi. Bu Prezidentning 2026-yil 16-noyabrdagi PQ–397-son qarorida belgilangandi.

 

«Yangi hayot» dasturi doirasida masofaviy ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilingan mahkumlar uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar ajratiladi. 2027/2028-o‘quv yiliga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta o‘quv va 420 ta amaliy mashg‘ulotlar xonasini tashkil etish rejalashtirilgan.

 

2030-yilgacha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy etiladi. Har yili 15–20 ming nafar mahkumni kasbga o‘qitish hamda bu orqali takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

 

Shuningdek, yosh mahkumlar orasidan saylov orqali yoshlar faollari tanlanadi. Ular har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.

 

Bundan tashqari, barcha koloniyalarda mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda «Yosh kitobxon» tanlovi tashkil etiladi. Jazoni ijro etish muassasalari kutubxonalarida esa «Mutolaa» platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 27-martdagi PQ–117-son qarori bilan jazoni ijro etish muassasalaridagi 18–30 yoshdagi mahkumlar uchun zamonaviy raqamli kasblar bo‘yicha yangi ta’lim tizimi joriy etilishi belgilangan.

 

Qarorga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan “Ikkinchi imkon” ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi.⁠⁠‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌⁠‌‌⁠‌‌‌‌‌‌‌‌‌‌⁠⁠