Vazirlar Mahkamasining “Davlat ta’lim muassasalarida yuridik ta’limning uzluksiz tizimini joriy etish hamda voyaga yetmagan yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori e’lon qilindi .
Ushbu qarorga muvofiq, endilikda yuridik texnikumlar negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylarini tashkil qilish hamda ularning iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudensiya” yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilish tasdiqlandi.
Shuningdek, qarorda quyidagi bandlar ham belgilab qo‘yilgan:
– maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab–litsey–texnikum–universitet” tizimini joriy etish;
– Adliya vazirligining maxsus platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
– o‘quvchilar orasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi, huquq fani o‘qituvchilari orasida “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazib borish;
– maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarini mustaqil o’zlashtirishiga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalari, videoroliklar, kompyuter o‘yinlari va mobil ilovalarni yaratish.