Ish joylarida shahvoniy shilqimlikni taqiqlovchi norma kuchga kirdi

Ish joylarida shahvoniy shilqimlikni taqiqlovchi norma kuchga kirdi

Yangi qonun bilan mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Ish beruvchilarga xavfsiz mehnat muhitini yaratishi vazifasi qo‘yildi.

13-noyabrda qabul qilingan O‘RQ–1189-sonli qonun bilan mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmaydi.

Shahvoniy shilqimlik deganda shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan, sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan hamda shahvoniy xususiyatga ega harakatlar tushuniladi. Bunday harakatlar shaxsning tashqi ko‘rinishi yoki qaddi-qomatini tavsiflash, imo-ishora qilish, teginish yoki chaqirish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, ish beruvchilar mehnat jamoasida shahvoniy shilqimlikdan xoli muhit yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shartligi belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Ma’lumot uchun, ish joyida shahvoniy shilqimlik holati ta’lim tizimida ham ko‘p marotaba uchrayotgan edi. Jumladan, Surxondaryoda hamkasbiga shahvoniy shilqimlik qilgani haqida avvalroq xabar bergan edik.