Mahkuma ayollarning 3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun maxsus bog‘chalar tashkil etiladi

Mahkuma ayollarning 3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun maxsus bog‘chalar tashkil etiladi

Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan ayollarning farzandlari uchun “Ona va bola markazlari” shaklidagi maxsus davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 12-noyabrdagi PQ-395-sonli “Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtayotgan mahkuma ayollarning farzandlarini maktabgacha taʼlim xizmatlari bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-dekabrdan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi 21-son jazoni ijro etish koloniyasi qoshidagi Bolalar uyi negizida hamda 42-son manzil-koloniyada 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun “Ona va bola markazi” maxsus davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etiladi.

Maxsus maktabgacha taʼlim tashkilotlarida:

  • 5 nafargacha bolalarni qamrab oladigan kecha-yu kunduz faoliyat yurituvchi guruhlar tashkil etiladi;
  • tarbiyalanuvchilar yashashi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, yoshiga mos ravishda rivojlanishi va kamol topishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi;
  • tarbiyalanuvchilar 21-son jazoni ijro etish koloniyasi va 42-son manzil-koloniya tomonidan qonunchilikda Bolalar uylari tarbiyalanuvchilari uchun belgilangan normalarga muvofiq oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar bilan taʼminlanadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tarbiyalanuvchilarni oʻz vaqtida emlash va tibbiy koʻrikdan oʻtkazish taʼminlanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan har chorakda bola va ona uchun yaratilgan sharoitni oʻrganish maqsadida monitoring amalga oshiriladi.