O‘zbekistonda Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda ularda 10 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Bu haqda British Councilning O‘zbekistondagi faoliyatining 30 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Joriy yilning 9-noyabr kuni British Councilning O‘zbekistondagi faoliyatining 30 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tashkilotning bosh ijrochi direktori Skott Makdonald va O‘zbekistondagi direktori Maykl Xolgeyt ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ta’lim, ingliz tili va madaniyat sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
British Councilning Toshkentdagi vakolatxonasi 1996-yilda ochilgan. O‘tgan davrda tashkilot dasturlarida 1,7 milliondan ortiq kishi bevosita qatnashgan, ta’lim va madaniyat sohasidagi tashabbuslar esa ikki mamlakatda 42 milliondan ortiq kishini qamrab olgan.
Bugungi kunda Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq universitetida 10 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni Buyuk Britaniya transmilliy ta’limi bo‘yicha dunyoning kuchli 20 ta mamlakati qatoriga kiritadi.
Matbuot anjumanida Skott Makdonald British Councilning O‘zbekistondagi 30 yillik faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim qismi ekanini ta’kidladi.
‘‘O‘zbekistondagi o’ttiz yil Britaniya Kengashi uchun shunchaki muhim sana emas. Bu ikki mamlakatimiz o‘rtasida barpo etilgan munosabatlar mustahkamligining tasdig’idir. Shu davr mobaynida O‘zbekiston, ayniqsa ta’lim, ko’nikmaklar va xalqaro hamkorlik sohalarida, g‘oyat tez sur’at va katta intilish bilan o‘zgarganiga guvoh bo‘ldik’’, — dedi Skott Makdonald.
Shuningdek, British Council IELTS, ACCA, Aptis ESOL kabi xalqaro imtihon va malaka dasturlarini tashkil etib kelayotganligi ta’kidlandi. Joriy moliyaviy yilda qariyb 40 mingta imtihon va malaka baholashini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tashkilotning Markaziy Osiyoda ingliz tilini o‘rganishni jadallashtirishga qaratilgan AELLCA dasturi orqali 49 mingdan ortiq akademik rahbarlar, pedagog kadrlar tayyorlovchi mutaxassislar, trenerlar va ingliz tili o‘qituvchilari qamrab olingan.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi ayollar uchun Women in STEM stipendiya dasturi to‘rtinchi yildan buyon amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Dastur Buyuk Britaniya universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bir yillik magistratura ta’limini moliyalashtirishni nazarda tutadi.
Har bir stipendiya kamida 40 ming funt sterling miqdoridagi mablag‘ni o‘z ichiga oladi. U kontrakt to‘lovi, yashash, safar, viza va sog‘liq bilan bog‘liq xarajatlar hamda ingliz tili bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlik xarajatlarini qoplaydi.
British Council 30 yilligi doirasida El-yurt umidi jamg‘armasi bilan hamkorlikda Women in STEM dasturining yangi bosqichini ham boshlayotganligi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi ayollarga Buyuk Britaniyada magistratura va ilmiy tadqiqotlarini davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
British Councilning O‘zbekistondagi direktori Maykl Xolgeyt esa tashkilotning keyingi faoliyati ta’lim tizimida sifatni mustahkamlash, uzoq muddatli institutsional rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorliklarni kengaytirishga qaratilishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, British Council dunyoning 200 dan ortiq mamlakat va hududlaridagi insonlar bilan hamkorlik qiladi. Tashkilot 100 dan ortiq mamlakatda bevosita faoliyat yuritadi.



