O‘zbekistonda barcha maktablar xalqaro baholash dasturlariga, 6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

O‘zbekistonda barcha maktablar xalqaro baholash dasturlariga, 6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

Prezident farmoni bilan ta’lim sohasida bir qator yangi maqsadlar belgilandi. Ular orasida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirish va yoshlarni zamonaviy kasblarga jalb qilish ham bor.

 

Prezidentning 2026-yil 10-noyabr kuni “Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 242-son farmoni qabul qilindi.

 

Hujjatga ko‘ra, milliy dasturlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish, aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash hamda yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat.

 

Bilim va malakani rivojlantirish yo‘nalishida quyidagi vazifalar belgilangan:

 

  • 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish;
  • nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni saqlab qolish va ularning samaradorligini baholash;
  • barcha umumta’lim maktablarini bosqichma-bosqich xalqaro baholash dasturlari bilan qamrab olish;
  • kamida 10 ta oliy ta’lim tashkilotini nufuzli xalqaro reytinglarning top-1000 talik ro‘yxatiga kiritish;
  • 10 million nafar yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilish.

 

Sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘nalishida huquqiy tarbiya va savodxonlikni umumta’lim maktablaridan boshlab tizimli yo‘lga qo‘yish, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni kuchaytirish belgilangan.