“Sherobod anori, sabzi va pullar”: TerDu professori pora bilan qo‘lga tushdi

“Sherobod anori, sabzi va pullar”: TerDu professori pora bilan qo‘lga tushdi

Termiz davlat universiteti (TerDU) professori, ilmiy kengash raisi ilmiy daraja olmoqchi bo‘lgan 12 nafar shaxsdan jami 111,5 mln so‘m pora olganlikda aybli deb topildi. Sud unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

 

Termiz shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2026-yil 20-oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi TerDU Milliy libos va san’at fakulteti texnologik ta’lim kafedrasi mudiri, universitet huzuridagi Ped.12.03 raqamli ilmiy kengash raisi hamda Termiz davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy kengash a’zosi va seminar raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

 

Sud aniqlashicha, u 2024-yil iyulidan 2025-yil noyabrigacha ilmiy daraja olishni istagan 12 nafar shaxsdan ilmiy ishlarini ilmiy kengashdan o‘tkazish, himoyaga qo‘yish, plagiat tekshiruvidan o‘tkazish va maqola chop etishga ko‘maklashish evaziga pora olgan. Pullar universitet ma’muriy binosidagi xizmat xonasida naqd va plastik kartaga qabul qilingan.

 

Olingan poraning umumiy miqdori 111 mln 555 ming 500 so‘mni tashkil etgan. Bundan tashqari, sudlanuvchi ayrim shaxslardan uyiga 20 kilogramm uzum, bir yashik Sherobod anori, 15 kilogramm sabzi va 15 kilogramm qizil olma olib kelishni ham talab qilgan.

 

Mazkur holatlar Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boshqarmasining tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlangan.

 

Sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lmagan. Biroq sud guvohlarning ko‘rsatuvi, so‘zlashuv stenogrammalari va boshqa dalillarni o‘rganib, uning aybi isbotlangan degan xulosaga kelgan.

 

“Sherobod anori, sabzi va pullar”: TerDu professori pora bilan qo‘lga tushdi

 

Sud hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, 2 yil muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etilgan.

 

Jazo davomida sudlanuvchiga ishdan tashqari vaqtda uydan chiqish, Surxondaryo viloyati hududidan tashqariga chiqish hamda yashash joyini ruxsatsiz o‘zgartirish taqiqlangan.

 

Sud jazoni belgilashda uning og‘ir kasalligi, pensiya yoshida ekani, oilaviy sharoiti va yetkazilgan zararni qoplaganini yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisobga olgan. Sudlanuvchining depozit hisobvarag‘iga kiritgan 126,4 mln so‘midan 111 mln 555 ming 500 so‘mi davlat foydasiga o‘tkazilgan.

 

Avvalroq, Samarqandda pora evaziga ishga kiritishni va’da qilgan maktab direktori ushlangani haqida xabar berilgandi.