Orolni qutqarish loyihalari doirasida suv xo‘jaligi bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi

Orolni qutqarish loyihalari doirasida suv xo‘jaligi bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun suv xo‘jaligi yo‘nalishida bakalavriat va magistratura dasturlari ishga tushiriladi. Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasiga raislik qiladi.

 

Qayd etilishicha, suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlarni qamrab olgan 133 ta loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyihalarning qiymati 3,3 milliard dollarni tashkil etadi.

 

Davlat rahbari kelgusi yilda bajariladigan ishlarga doir oylar kesimida “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash va ijrosini tashkil etishni topshirdi. Loyihalarni hayotga tatbiq etishga xalqaro ekspertlar, professor-olimlar va xorijdagi vatandoshlarni ham jalb etiladi.

 

Taqdimotda jamg‘arma faoliyatini ilmiy-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti jamg‘arma tashabbuslarini amalga oshirish uchun ilmiy-tahliliy platforma vazifasini bajaradi.

 

Shu maqsadda universitet faoliyatini transformatsiya qilish, ta’lim va tadqiqot jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish, ekologik tiklanish hamda suvni tejash bo‘yicha ilmiy izlanishlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, zamonaviy talablar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi.

 

Orolni qutqarish loyihalari doirasida suv xo‘jaligi bo‘yicha yangi ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi

 

Jumladan, Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasi yaratiladi. Cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqa olimlari bilan qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqilib, ularga investitsiya va grant mablag‘lari jalb qilinadi.

 

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston uchun suv xo‘jaligi yo‘nalishida bakalavriat hamda magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

 

Davlat rahbari qo‘shma ta’lim va ilmiy tadqiqotlar orqali mintaqada suv diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirishda xalqaro ekspertlar, professor-olimlar va xorijdagi vatandoshlarni faol jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.