Qirg‘izistonda maktab o‘quvchilarini qog‘oz darsliklar o‘rniga planshetlar bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Prezident Sadir Japarov bu jarayonga besh yil ichida o‘tishga harakat qilinishini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Alamedin tumani aholisi bilan uchrashuvda maktab o‘quvchilarini planshetlar bilan ta’minlash masalasiga to‘xtaldi.
Uning aytishicha, besh yildan keyin planshetlarga o‘tishga harakat qilinadi. Buning uchun katta mablag‘ talab qilinishi, biroq planshetlardan ko‘p marta foydalanish mumkinligi qayd etilgan.
Japarovning ta’kidlashicha, bitta planshetga barcha darsliklarni joylashtirish mumkin. Bunda o‘quvchilar matematika, tarix, ona tili va adabiyot kabi fanlar bo‘yicha kitoblardan bitta qurilma orqali foydalanishi mumkin.
Prezident, shuningdek, barcha o‘quvchilar darsliklar bilan bepul ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, kelgusi ikki yil ichida 1-sinfdan 12-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarni darsliklar bilan to‘liq ta’minlash rejalashtirilgan. Buning uchun darsliklarni nashr etishga 8,5 milliard so‘m ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Qirg‘iziston Ma’rifat vaziri Dog‘durqul Kendirbayeva voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan edi. Vazir bu, ayniqsa, maktabdan tashqari vaqtining katta qismini uyda o‘tkazadigan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun muhimligini qayd etgan.
