“Metodik marafon”ning ilk kunida 50 mingdan ortiq pedagog ishtirok etdi

“Metodik marafon”ning ilk kunida 50 mingdan ortiq pedagog ishtirok etdi

Buxoroda o‘tkazilgan marafonda o‘qituvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish, interaktiv ta’lim metodlari va o‘quvchilarning tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

 

Joriy yil 5-noyabr kuni Buxoro shahridagi 30-maktabda respublika miqyosidagi “Metodik marafon” boshlandi. Tadbirning ilk kunida mamlakatning turli hududlaridan 50 ming nafardan ortiq pedagog onlayn va oflayn formatlarda ishtirok etdi.

 

Marafon Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va zamonaviy ta’lim metodlarini dars jarayoniga tatbiq etishga ko‘maklashishdan iborat.

 

Birinchi kun dasturidan plenar sessiya hamda matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, o‘qish savodxonligi va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlaridagi mashg‘ulotlarni qamrab olgan.

 

Tadbirda olimlar, professor-o‘qituvchilar, metodistlar va tajribali pedagoglar ma’ruzalar hamda amaliy taqdimotlar bilan qatnashdi. Xususan, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti professori Navbahor Umarova ota-onalar va pedagoglarda empatiya, konstruktiv muloqot va nizolarni hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish haqida so‘z yuritdi. O‘zbekkosmos agentligi departament rahbari Xumoyun Raxmonov esa ilm-fan va kosmik tadqiqotlarning ahamiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.

 

“Metodik marafon”ning ilk kunida 50 mingdan ortiq pedagog ishtirok etdi

 

Yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlarda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish, matematika va tabiiy fanlarni hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lab o‘qitish, o‘quvchilarning mustaqil izlanishi va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratilgan.

 

Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim va boshqa fanlar bo‘yicha sho‘ba mashg‘ulotlarida sun’iy intellektni o‘qituvchining metodik yordamchisi sifatida qo‘llash, interaktiv metodlar va tadqiqotga asoslangan ta’lim texnologiyalari namoyish etilgan.

 

Tashkilotchilar marafon davomida o‘zlashtirilgan bilim va tajribalarni hududiy trenerlar orqali keng pedagogik jamoatchilikka yetkazish hamda samarali metodik yondashuvlarni ta’lim muassasalari amaliyotiga joriy etish rejalashtirilgan.