Jahon mehnat bozorida diplomdan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga talab ortmoqda

Jahon mehnat bozorida diplomdan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga talab ortmoqda

Jahon mehnat bozorida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomdan ko‘ra xodimning amaliy ko‘nikmalarga talab ortmoqda. IHTT ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda kelgusi 15 yilda ishchi kuchi tanqisligi 15 foizga yetishi mumkin.

 

Joriy yil 29-oktyabr kuni Samarqandda Global Talent Forum xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Ko‘nikmalar markazi rahbari El-Iza Muhammadu dunyo mehnat bozorida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning o‘zi yetarli bo‘lmay borayotganini ma’lum qildi.

 

Ta’kidlanishicha, ish beruvchilar xodimning muayyan vazifalarni amalda bajara olishi, kasbiy bilimlarini qo‘llashi va jamoada ishlash qobiliyatini ham muhim mezon sifatida baholamoqda.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 2026-yilgi tadqiqoti 38 mamlakatni qamrab olgan. Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan va muhandislik sohalarida malakali mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatilayotgani qayd etilgan.

 

Tashkilot prognoziga ko‘ra, aholisi eng tez qarib borayotgan hududlarda kelgusi 15 yil ichida ishchi kuchi tanqisligi taxminan 15 foizga oshishi mumkin. Bunga demografik o‘zgarishlar bilan bir qatorda raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

 

Ishsizlar malaka oshirish imkoniyatlaridan kamroq foydalanmoqda

 

IHTT ko‘nikmalar markazi taqdimotida kattalar, jumladan, ish bilan band bo‘lmagan aholining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yangilash imkoniyatlaridan foydalanishi masalasiga ham e’tibor qaratilgan.

 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ish bilan band aholining 49 foizi diplom olishga yo‘naltirilmagan kurslar, treninglar va malaka oshirish dasturlarida qatnashadi. Ishsizlar orasida bu ko‘rsatkich 34 foizni, mehnat bozoridan tashqaridagi aholi orasida esa 17 foizni tashkil etadi.

 

Ta’lim darajasi bo‘yicha ham sezilarli tafovut mavjud. Oliy ma’lumotli kattalarning 61 foizi qo‘shimcha ta’lim olishda ishtirok etsa, to‘liq o‘rta ma’lumotga ega bo‘lmaganlar orasida bu ko‘rsatkich 19 foizga teng.

 

IHTT vakilining ta’kidlashicha, yangi bilim va ko‘nikmalarga ehtiyoji yuqori bo‘lishi mumkin bo‘lgan aholi qatlamlari malaka oshirish imkoniyatlaridan kamroq foydalanmoqda. Bu esa mehnat bozoridagi tengsizlikni yanada kuchaytirishi mumkin.

 

Doktoranturada tahsil olayotganlarning 34 foizi xorijliklar

 

Taqdimotda xalqaro ta’lim va yuqori malakali mutaxassislarning harakati bo‘yicha ma’lumotlar ham keltirilgan.

 

IHTT mamlakatlarida 2024-yilda bakalavriatga yangi qabul qilingan talabalarning o‘rtacha 11 foizini xorijliklar tashkil etgan. Magistratura bosqichida bu ko‘rsatkich 24 foizga, doktoranturada esa 34 foizga yetgan.

 

Shuningdek, xorijlik bitiruvchilarning 30 foizi tabiiy fanlar, texnologiyalar, muhandislik va matematika (STEM) yo‘nalishlarida diplom olgan. Mahalliy bitiruvchilar orasida bu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil etgan.

 

Tashkilot ma’lumotlari yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishda xalqaro ta’limning ahamiyatini ko‘rsatadi. Biroq xorijlik talabalarni mamlakatda o‘qitish ularning keyinchalik shu yerda qolib ishlashini kafolatlamaydi.

 

IHTT yondashuviga ko‘ra, ta’lim migratsiyasi samarali bo‘lishi uchun o‘qish, ishga joylashish, kasbiy aloqalar va uzoq muddatli imkoniyatlar o‘zaro bog‘liq bo‘lishi kerak. Mutaxassislarning o‘z vataniga qaytishi ham bilim va tajriba almashinuviga xizmat qilishi mumkin.

 

Avvalroq, OECD ma’lumotlariga ko‘ra tashkilotga a’zo 35 ta mamlakatda oliy ma’lumotli xodimlar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan o‘rtacha 54 foiz ko‘proq maosh olishi haqida ma’lumot berilgandi.