Toshkent metropoliteni rahbariyati tomonidan OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda tirbandliklarga xususiy universitetlar va dars vaqtlarining ta’siri haqida so‘z yuritildi.
Matbuot anjumanida jurnalist Islom Qoraboyev Toshkent metropoliteni bosh muhandisi Mirxusanov Mirxokimga bir vaqtning o‘zida ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida darslarning boshlanishi metro bekatlarida yo‘lovchilar oqimi ortishiga ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, OTM rahbarlari bilan dars jadvallarini o‘zgartirish masalasi muhokama qilingan-qilinmagani haqida savol berdi.
Bosh muhandisning ma’lum qilishicha, 2023-yilda dars boshlanish vaqtini yarim soatga surish tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazilgan va bu yo‘lovchilar oqimini kamaytirishda samara bergan. Mazkur taklif vazirlik hamda shahar hokimligiga ham kiritilgan.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich dars boshlanish vaqtini o‘zgartirish, jumladan, kurslar kesimida turli vaqt jadvallarini joriy etish taklif qilingan.
“Dars boshlanish vaqtini yarim soatga surish natijasida tirbandlik vaqtida vagonlardagi yo‘lovchilar sonini 500 nafardan 300 nafargacha kamaytirish imkoni bo‘lgan”, — dedi bosh muhandis.
Uning ta’kidlashicha, Chilonzor, Beruniy, Buyuk Ipak yo‘li va Novza kabi bekatlarda yo‘lovchilar oqimi yuqori. Ayniqsa, yangi xususiy ta’lim muassasalarining ochilishi ayrim bekatlarga qo‘shimcha yuklama bermoqda.
Bosh muhandisning qayd etishicha, poyezdlar orasidagi intervalni qisqartirishning o‘zi barcha bekatlardagi tirbandlik muammosini to‘liq hal qilmaydi. Chunki ayrim bekatlarda yo‘lovchilar oqimi mavjud vagonlar sig‘imidan ham oshib ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-yilgi o‘quv yilidan Toshkentdagi OTMlarda darslar soat 08:00 da boshlanadi.
