20-noyabr kuni boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni an’anaviy qog‘oz shaklida o‘tkaziladi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qildi.
Ma’lumki, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini baholash bo‘yicha milliy sertifikat berish tizimi joriy etilgan.
Ushbu imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tish 23-oktyabrdan boshlangan. Talabgorlar 5-noyabrga qadar my.gov.uz portali orqali ariza topshirishlari mumkin. Bunda imtihonda qatnashuvchilar soniga cheklov qo‘yilmagan.
Imtihon uchun to‘lovni amalga oshirishning oxirgi muddati 6-noyabr etib belgilangan.
Avvalroq boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonining spetsifikatsiyasi ham e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, imtihon 90 ta topshiriqdan iborat bo‘lib, uni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.
Topshiriqlar ona tili va o‘qish savodxonligi, matematika hamda pedagogik mahorat yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Spetsifikatsiyada imtihon kompyuter orqali o‘tkazilishi belgilangan. Biroq 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan sinovlar an’anaviy, ya’ni qog‘oz shaklida tashkil etiladigan bo‘ldi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, imtihon shaklini o‘zgartirishga talabgorlar sonining keskin oshgani hamda ko‘pchilikning xohish-istaklari inobatga olingani sabab bo‘lgan.
Shuningdek, matbuot kotibi keyingi imtihonlarning qaysi shaklda o‘tkazilishi talabgorlar soniga bog‘liqligini, biroq keyinchalik imtihonlar to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga lavozim maoshining 15 foizi miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
