O‘zbekiston YUNESKOning oliy ta’lim malakalarini tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyasiga qo‘shildi. Hujjat davlatlar o‘rtasida ta’limga oid axborot almashishni kengaytirishni nazarda tutadi. Bu esa xorijiy universitetlarda o‘qiganlik haqida soxta hujjat tayyorlatib, O‘zbekistondagi nodavlat oliygohlarga o‘qishini ko‘chirganlar uchun kelajakda jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkin.
Namanganda fuqaroni nodavlat universitetning 3-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 18 million so‘m talab qilgan shaxs pul olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi fuqaroni Andijon iqtisodiyot va pedagogika universitetining 3-kursiga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu voqeadan so‘ng Ta’lim va ilm-fan vazirligi rasmiy munosabat bildirib, fuqarolarni o‘qishga qabul qilish va o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarliklardan ogohlantirdi.
Vazirlik xorijiy va nodavlat universitetlardan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar qabul qilinishini, o‘qishni ko‘chirish esa maxsus sinovlar natijalariga ko‘ra amalga oshirilishini eslatdi.
Biroq bu yerda bir muhim farq bor. Mazkur maxsus sinov tartibi xorijiy va nodavlat universitetlardan davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishga taalluqli. Xorijdagi universitetlardan O‘zbekistondagi nodavlat universitetlarga o‘qishni ko‘chirish esa boshqa amaliyot asosida amalga oshirilgan.
Asosiy savol boshqa: imtihonsiz ko‘chirilganlarning xorijda haqiqatan o‘qigani qanchalik tekshirilgan?
O‘n minglab talabalar hujjati tekshirilganmi?
2022-yildan buyon xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekistondagi nodavlat universitetlarga ko‘p sonli yoshlar maxsus davlat imtihonini topshirmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri universitetlarning o‘ziga hujjat topshirish orqali o‘qishini ko‘chirgan. Bu jarayondan o‘tganlar soni o‘n minglab bo‘lishi mumkin. Ularning aniq soni yuzasidan rasmiy statistika e’lon qilinmagan.
Endi savol tug‘iladi: ushbu talabalar taqdim etgan transkript va akademik ma’lumotnomalar haqiqiyligi qanchalik tekshirilgan?
Nodavlat universitetlar talabalar avval o‘qiganini bildirgan xorijiy oliygohlarga rasmiy so‘rov yuborganmi? Ushbu universitetlardan talabaning haqiqatan o‘qigani, qaysi fanlarni o‘zlashtirgani va qancha akademik kredit to‘plaganini tasdiqlovchi javoblar olinganmi? Eng muhimi, bunday tekshiruvlar barcha talabalar bo‘yicha o‘tkazilganmi yoki faqat taqdim etilgan hujjatlarning tashqi ko‘rinishiga ishonilganmi?
Bu savollarga bugun kimdir aniq va to‘liq javob bera oladimi? Har holda, mazkur tekshiruvlar ko‘lami va natijalari haqida jamoatchilik uchun yetarli ochiq ma’lumot mavjud emas. Albatta, imtihonsiz o‘qishni ko‘chirishning o‘zi qonunbuzarlik emas. Gap universitetlarga taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligi va ularni tekshirish mexanizmlarida.
O‘tmishdagi xatolar takrorlanyaptimi?
1990-yillardan 2000-yillarning boshlarigacha yurtimizda o‘qimasdan diplom olish, soxta hujjatlar orqali oliy ma’lumotli bo‘lib qolish holatlari uchragan.
O‘sha paytda diplom sotganlar ham, sotib olganlar ham bir kun kelib raqamli texnologiyalar bu darajada rivojlanishini, ma’lumotlarni tekshirish va almashish bir necha soniyalik ishga aylanishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Bugun ham shunga o‘xshash holatlar boshqacha ko‘rinishda uchrashi mumkin.
Xorijda 1–2-kursni o‘qiganini tasdiqlovchi soxta transkript yoki akademik ma’lumotnoma tayyorlatib, O‘zbekistondagi nodavlat universitetlarning yuqori kurslariga joylashishga uringan shaxslar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Xorijiy universitetning muhri, blankasi va boshqa rekvizitlariga o‘xshash hujjatlar tayyorlab berishni taklif qiladigan vositachilar borligi haqida ham gap-so‘zlar yuradi.
Ammo bir narsani unutmaslik kerak: universitetning muhri tushirilgan qog‘oz o‘sha universitetda haqiqatan o‘qiganingizni anglatmaydi. Bunday hujjatning haqiqiyligini tekshirish uchun uni bergani ko‘rsatilgan universitetning o‘zidan rasmiy tasdiq olish mumkin.
YUNESKO konvensiyasi nimani o‘zgartiradi?
Bu masalaning dolzarbligini oshiradigan yana bir muhim jihat bor.
O‘zbekiston 2025-yilda YUNESKOning 2019-yilda Parijda qabul qilingan “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”sini ratifikatsiya qildi. Hujjat 2026-yil 3-martdan mamlakatimiz uchun kuchga kirdi.
Konvensiya oliy ta’lim malakalarini tan olishda shaffoflikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasida ishonchli ma’lumot almashish va ta’lim hujjatlari bilan bog‘liq firibgarlikka qarshi hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Xususan, konvensiyaning III-moddasida zamonaviy texnologiyalar va xalqaro hamkorlik yordamida malakalar bilan bog‘liq firibgarlikning oldini olish tamoyillari belgilangan.
VIII–IX-moddalarda oliy ta’lim tizimlari haqidagi ishonchli axborotdan foydalanish, malakalarni baholash uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etish masalalari o‘z aksini topgan. XIII–XIV-moddalar esa milliy axborot tizilmalari va ular o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan.
Bu barcha universitetlarning ma’lumotlar bazasi hozirdanoq o‘zaro ulanganini yoki diplomlar avtomatik ravishda tekshirilayotganini anglatmaydi.
Biroq xorijiy ta’lim hujjatlarining haqiqiyligini aniqlash uchun xalqaro hamkorlikning huquqiy asoslari kengaymoqda.
Bugun tasdiqlanmagan akademik ma’lumotnoma bilan o‘qishini ko‘chirgan shaxs ertaga universitet arxiviga yuborilgan rasmiy so‘rov orqali aniqlanishi mumkinligini ham hisobga olishi kerak.
5–10 yildan keyin nima bo‘lishi mumkin?
Tasavvur qiling, oradan 5–10 yil o‘tdi. Oliy ma’lumotli kadrlar soni ortdi, mehnat bozorida raqobat kuchaydi. Shunda biror mutasaddi 2022–2025-yillarda xorijdan o‘qishini ko‘chirganlarning akademik hujjatlarini qayta tekshirish tashabbusini ilgari sursa-chi?
Masalan, O‘zbekistondagi vakolatli tashkilot Qirg‘izistondagi universitetga rasmiy so‘rov yuboradi: “Falonchi fuqaro haqiqatan ham sizning universitetingizda 1–2-kursni o‘qiganmi? Qaysi fanlardan imtihon topshirgan? Qancha akademik kredit to‘plagan?”
Narigi tomondan esa: “Bunday shaxs bizning universitetimizda hech qachon tahsil olmagan”, degan javob kelishi mumkin. Ana o‘shanda nima bo‘ladi?
Bir necha yil avval soxta hujjat bilan 3-kursga joylashgan, keyin O‘zbekistondagi universitetni bitirib, diplom olgan shaxs o‘zining dastlabki ikki yillik ta’limini qanday isbotlaydi? Axir xorijiy universitet arxivida uning na talabalikka qabul qilingani, na baholari, na to‘plagan akademik kreditlari haqida ma’lumot bor.
Bunday vaziyatda o‘qishni ko‘chirishning qonuniyligi shubha ostida qolishi, keyinchalik olingan diplomning haqiqiyligi masalasi ham vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin. Albatta, diplom o‘z-o‘zidan bekor bo‘lib qolmaydi. Buning uchun qonuniy asos, yetarli dalillar va tegishli huquqiy tartib bo‘lishi kerak. Ammo ikki yil o‘qimasdan diplom olish uchun butun kelajagingizni xavf ostiga qo‘yishga arziydimi?
HEMIS tizimida bo‘lishning o‘zi yetarlimi?
Vazirlik o‘z munosabatida nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqlarni 1-oktyabrdan kechiktirmay HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish shartligini ham eslatgan.
Biroq talabaning HEMIS tizimida ro‘yxatdan o‘tgani yoki universitet tomonidan unga diplom berilgani xorijda avval o‘qiganlik haqidagi hujjatlarning haqiqiyligini o‘z-o‘zidan isbotlamaydi. Agar o‘qishni ko‘chirishga asos bo‘lgan ma’lumotlar soxta ekani aniqlansa, keyingi ta’limning qonuniyligi yuzasidan ham savollar paydo bo‘lishi mumkin.
Bunday holatlar faqat hujjatni soxtalashtirgan shaxslarga emas, ularni tekshirmasdan talabalarni qabul qilgan ta’lim tashkilotlari obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bois bu yerda mas’uliyat masalasi ikki tomonlama: talaba haqiqiy hujjat taqdim etishi, universitet esa o‘qishni ko‘chirish uchun asos bo‘lgan hujjatlarni tegishli tartibda tekshirishi lozim.
Faqat bugunni emas, ertani ham o‘ylash kerak
Texnologiyalar rivojlanmoqda. Davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashish imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekistonning YUNESKO global konvensiyasiga qo‘shilgani ham oliy ta’lim malakalarini xalqaro darajada tan olish va tekshirishda hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bugun qog‘oz bilan yashirilgan ma’lumot ertaga rasmiy elektron so‘rov orqali oydinlashishi mumkin. Bugun soxta hujjat bilan diplom olish mumkin deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo ertaga shu diplomga asos bo‘lgan hujjatlar tekshirilsa, nima qilasiz?
Shuning uchun o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlarga bir maslahat: faqat bugungi imkoniyatni emas, ertangi oqibatni ham o‘ylang.
Chunki bir kun kelib sizdan diplomingizni emas, o‘sha diplomga qadar haqiqatan qayerda va qanday o‘qiganingizni isbotlashni so‘rab qolishlari mumkin.
