Prezident Shavkat Mirziyoyev kelasi yildan tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlarida tor mutaxassislik bo‘yicha rezidenturada o‘qish bepul bo‘lishini ma’lum qildi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Uchrashuv davomida davlat rahbari 2027-yildan oliygohlarda tor soha mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish – rezidentura bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Talabalarga 3 million so‘m stipendiya to‘lanadi.
Yo‘nalishga qarab rezidentura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha o‘qish ikki yil, jarrohlik bo‘yicha esa besh yil bo‘ladi.
Oliygohlarga klinikalar bog‘lanib, “universitet klinikasi” tizimi joriy etilgan. Endi tibbiyotdagi ilmiy tadqiqotlarning 80 foizi oliygohlar klinikasida bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadqiqotlarda tashxis aniqligini oshirish, davolash samarasini yaxshilash va asoratlarni kamaytirishga e’tibor qaratiladi.
