“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” respublika ijodiy tanloviga 198 ta ijodiy ish kelib tushdi. Yakunda 9 nafar ijodkor g‘olib deb topildi. Saralangan 23 ta asar asosida esa uchta badiiy to‘plam nashr etildi.

 

2026-yil 23-oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” respublika ijodiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Tanlov Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida tashkil etildi.

 

Tadbirda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov bolalarni kitobxonlikka jalb qilish uchun ularning yoshi va qiziqishlariga mos asarlar yaratish muhimligini ta’kidladi.

 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov bolalikda o‘qilgan asarlar inson tarbiyasi va dunyoqarashiga ta’sir qilishini qayd etdi.

 

Ta’lim va ilm-fan vazirining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, yozuvchi Isajon Sultonov esa bolalar adabiyotida yosh xususiyatlarini hisobga olish va o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga undash zarurligi haqida gapirdi.

 

Tanlov g‘oliblari kimlar?

 

Tanlovga kelib tushgan 198 ta ijodiy ish 12 nafar mutaxassisdan iborat ekspertlar guruhi tomonidan mazmuni, badiiy saviyasi va bolalarning yoshiga mosligi asosida baholandi.

 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, uchta yosh toifasida quyidagi ijodkorlar g‘olib deb topildi:

 

“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

6–10 yoshli bolalar uchun ertaklar yo‘nalishi:

1-o‘rin — Zafar Tilovov;

2-o‘rin — Sadoqat Hamrayeva;

3-o‘rin — Ozoda Ibragimova.

 

“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

11–14 yoshli bolalar uchun ertak va hikoyalar yo‘nalishi:

1-o‘rin — Dilnoza Shodiyeva;

2-o‘rin — Umida Djumabekova;

3-o‘rin — Madinabonu Sulaymankulova.

 

“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

15–17 yoshli o‘smirlar uchun hikoyalar yo‘nalishi:

1-o‘rin — Gulhayo Narzullayeva;

2-o‘rin — Mohira Eshpo‘latova;

3-o‘rin — Gulshoda Jonpo‘latova.

 

Shuningdek, tanlov sovrindorlari — Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi Zafar Tilovov, Buxoro shahridan erkin ijodkor Ozoda Ibragimova hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 49-maktab o‘qituvchisi Gulshoda Jonpo‘latovaga “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

 

“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

23 ta asar asosida uchta to‘plam nashr etildi

 

Tanlov doirasida ekspertlar tomonidan saralangan 23 ta asar asosida uchta yosh toifasi uchun alohida badiiy to‘plam chop etildi.

 

To‘plamlardan tabiat va atrof-muhit, tarixiy xotira, kelajak haqidagi tasavvurlar, insonning o‘zini anglashi va hayotiy tanlovlariga bag‘ishlangan ertak hamda hikoyalar o‘rin olgan.