Sudoku, krossvord, shaxmat va pazl kabi o‘yinlar xotira, diqqat va mantiqiy fikrlashni mashq qildirishga yordam beradi. Mutaxassislar miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun bunday mashg‘ulotlarni muntazam bajarishni tavsiya etmoqda.
Yosh o‘tishi bilan ko‘pchilik xotira va diqqatni murakkab trenajyorlar hamda zerikarli mashqlarsiz qanday saqlab qolish mumkinligi haqida o‘ylay boshlaydi. Miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning eng oddiy usullaridan biri — turli o‘yinlardir.
Nevrologlar va gerontologlar miya faoliyatini rag‘batlantiruvchi o‘yinlarni tobora ko‘proq tavsiya qilmoqda. Bunday mashg‘ulotlar miyaning turli qismlarini faollashtiradi va shu bilan birga, maroqli hordiq chiqarish imkonini beradi.
Sudoku
“Miya himoyachilari” kitobi muallifi, nevrolog Devid Perlmyutter muntazam ravishda sudoku yechadi. Uning aytishicha, bu raqamli boshqotirma bir vaqtning o‘zida mantiqiy fikrlash, diqqat, qisqa muddatli ma’lumotni saqlash va muammolarni hal qilish qobiliyatini mashq qildiradi.
New Orleans East shifoxonasining insult bo‘yicha tibbiy direktori Sheril Martin-Shild ham sudokuni yaxshi ko‘radi. Biroq u miyaga ortiqcha zo‘riqish bermasdan, yetarli aqliy yuklama ta’minlaydigan o‘rtacha murakkablikdagi boshqotirmalarni afzal ko‘radi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sudoku diqqat va qisqa muddatli ma’lumotni saqlash uchun mas’ul bo‘lgan prefrontal korteks sohalarini faollashtiradi. Shu sababli, bu o‘yin mazkur funksiyalarida buzilishlar kuzatiladigan insonlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Krossvordlar va so‘z o‘yinlari
Martin-Shild klassik krossvordlarni ham yaxshi ko‘radi. Ularni turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda yechadi. Shu tariqa, o‘yin nafaqat aqliy mashg‘ulotga, balki muloqot qilish va oilaviy munosabatlarni mustahkamlash vositasiga ham aylanadi.
Kaiser Permanente tibbiyot tashkilotining geriatri (keksalar salomatligi bilan shug‘ullanadigan shifokor) Anjela Syu esa Wordle va Connections kabi mashhur o‘yinlarni afzal ko‘radi. Uning fikricha, bu o‘yinlar insonni yangicha fikrlashga undaydi. Yaqinlar bilan birgalikda o‘ynalganda esa ijtimoiy aloqalarni ham mustahkamlaydi.
Dastlabki tadqiqotlar muntazam krossvord yechish Altsgeymer kasalligi xavfi yuqori bo‘lgan insonlarda aqliy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashning oddiy va kam xarajatli usuli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Karta va stol o‘yinlari
Perlmyutter Hearts va Shanghai Rummy kabi strategik karta o‘yinlarini yoqtiradi. Bunday o‘yinlar xotira va diqqatni mashq qildiradi, shuningdek, muloqot qilish imkonini beradi.
Syu esa smartfon ilovalari orqali emas, haqiqiy kartalar bilan o‘ynashni tavsiya qiladi. Uning ta’kidlashicha, haqiqiy kartalar bilan o‘ynash mayda motorika va fazoviy tafakkurni ham rivojlantirishga yordam beradi.
Stol o‘yinlari orasida Perlmyutter nard, shaxmat va yurishlarni oldindan rejalashtirishni talab qiladigan boshqa strategik o‘yinlarni alohida ta’kidlaydi.
Tadqiqotlardan birida qariyalar uyida yashovchi va haftasiga ikki marta bir soatdan shaxmat o‘ynagan keksa insonlarning aqliy faoliyati yaxshilangani hamda hayot sifati oshgani aniqlangan.
Pazllar
Perlmyutterning oilasi katta pazllarni, jumladan, oilaviy fotosuratlardan tayyorlangan pazllarni yig‘ishni yaxshi ko‘radi.
Bunday mashg‘ulotlar fazoviy tafakkur, diqqatni uzoq vaqt jamlash va sabr-toqatni talab qiladi. Yosh o‘tishi bilan aynan shu ko‘nikmalar sezilarli darajada susayishi mumkin.
Kuzatuv tadqiqotlari pazllarni muntazam yig‘ish turli aqliy qobiliyatlarni baholovchi testlarda yuqoriroq natijalar bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan.
Miyani qaysi o‘yin eng yaxshi mashq qildiradi?
Psixologlarning ta’kidlashicha, masalan, shaxmatni juda yaxshi o‘ynash insonning kundalik hayotdagi vazifalarni bajarish qobiliyatini ham avtomatik ravishda sezilarli darajada yaxshilashini tasdiqlovchi ishonchli dalillar yetarli emas.
Biroq tadqiqotlarda bir nechta umumiy tamoyil ajratib ko‘rsatilgan. Jumladan, eng katta foyda ma’lum darajada murakkab bo‘lgan, aqliy kuch talab qiladigan va insonning mahorati oshgani sari qiyinlashib boradigan o‘yinlardan olinishi mumkin.
Eng muhimi, o‘yinlarni muntazam o‘ynash kerak. Shundagina ularning samarasi sezilishi mumkin.
Olimlar inson miyasi moslashish va o‘zgarish qobiliyatiga ega ekanini, o‘rganish jarayonida yangi neyron aloqalari shakllanishini ta’kidlaydi. Shu bois aqliy jihatdan muayyan qiyinchilik tug‘diradigan, ayni paytda zavq bag‘ishlaydigan mashg‘ulotlarni tanlash muhim.
Bundan tashqari, faqat bitta o‘yin bilan cheklanib qolmasdan, turli xil o‘yinlarni birgalikda o‘ynash tavsiya etiladi. Bu miyaning turli aqliy funksiyalarini ishga solishga yordam beradi.
Avvalroq, chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga 5 ta foydali jihati haqida ma’lumot berilgandi.






