Andijonda “Chery” haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yubordi (video)

Andijonda “Chery” haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yubordi (video)

Andijon shahrida Chery Tiggo 8 Pro avtomobili haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yubordi. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

2026-yil 13-oktyabr kuni Andijon shahridagi Shabnam ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Andijon viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, soat 12:30 larda 1957-yilda tug‘ilgan T.U. Chery Tiggo 8 Pro rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, 56-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi qarshisidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan o‘quvchini urib yuborgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi hodisa joyidan ketib qolmagan. U boshqa transport vositalari harakatiga xalaqit bermaslik maqsadida avtomashinasini xavfsiz joyga to‘xtatgan. YPX xodimi yetib kelganidan so‘ng, u bilan birgalikda jabrlangan o‘quvchini birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Andijon shahridagi shoshilinch tibbiy yordam muassasasiga olib borgan.

 

Shundan so‘ng avtomashina belgilangan tartibda jarima maydoniga joylashtirilgan.

 

Hozirda holat yuzasidan Andijon shahar IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

 

Avvalroq, Namanganda Damas o‘quvchini urib yuborgani haqida xabar berilgandi.