Hindistonlik fizika o‘qituvchisi Alax Pandey bepul onlayn darslardan boshlagan faoliyatini milliard dollarlik biznesga aylantirdi. Forbes uning boyligini 1,4 milliard dollarga baholagan.
Ta’lim texnologiyalari haqida gap ketganda, innovatsiyalarni bilim bilan bog‘lay oladigan insonlardan biri, albatta, o‘qituvchidir. Hindistonda 35 yoshli fizika o‘qituvchisi Alax Pandey ana shunday insonlardan biri bo‘ldi.
U “Physics Wallah” ta’lim platformasiga asos solib, mamlakatning eng yosh milliarderlaridan biriga aylangan. Forbes nashri 2026-yilda uning boyligini 1,4 milliard dollarga baholagan.
Xo‘sh, u Hindiston ta’lim sohasida qanday o‘zgarish yasab, 1,4 milliard dollar boylik orttirdi?
Fizika darslaridan YouTube kanaligacha
Alax Pandey 1991-yilda Hindistonning Prayagraj shahrida tug‘ilgan. Uning otasi xususiy pudratchi, onasi esa o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Izoh: Pudratchi — bu ma’lum bir haq (pul) evaziga buyurtmachining topshirig‘ini bajarishni yoki ma’lum bir ishni qilib berishni o‘z zimmasiga olgan ishchi, usta yoki kompaniya (tashkilot).
Oilasi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan, hatto Pandey maktabda o‘qib yurganida xarajatlarni qoplash uchun uylarini sotishga majbur bo‘lgan.
Ota-onasiga yordam berish uchun Pandey 9-sinfda o‘qib yurganidayoq boshqa o‘quvchilarga repetitorlik qila boshlagan. U bolaligidan bilim olishga va fizikaga alohida qiziqish bildirgan. 11-sinfda esa imtihonlarga tayyorlov kurslarida dars bergan.
Maktabni tugatgach, Pandey Hindistondagi Xarkort Butler texnika universitetiga o‘qishga kirgan.
2014-yilda Pandey YouTube’da “Physics Wallah-Alakh Pandey” nomli kanal ochib, fizikadan bepul darslar joylashtira boshlagan. Uning samimiy dars o‘tish uslubi, hazillari va murakkab mavzularni sodda misollar orqali tushuntirishi ko‘plab o‘quvchilarni jalb qilgan. Ayniqsa, qimmat o‘quv kurslariga qatnashish imkoniyati bo‘lmagan, imtihonlarga tayyorlanayotgan yoshlar uning darslariga katta qiziqish bildirgan.
Pandeyning faoliyatidagi ilk katta muvaffaqiyat 2018-yilda Physics Wallah ilovasi ishga tushirilganida yuz bergan. Bir necha kun ichida ilova 35 ming marta yuklab olingan. Hozirda undan turli imtihonlarga tayyorlanish uchun 15 million kishi foydalanadi.
Shu tariqa Physics Wallah asta-sekin yirik ta’lim texnologiyalari platformasiga aylangan.
Physics Wallah qanday rivojlandi?
2020-yilda, COVID-19 pandemiyasi davrida onlayn ta’limga talab keskin oshgan bir paytda, Pandey elektron ta’lim uchun PenPencil ilovasini ishlab chiqqan Pratik Bub bilan hamkorlikda “Physics Wallah” kompaniyasiga asos solgan.
Kompaniya asoschilarining aytishicha, ularning maqsadi Hindiston bo‘ylab millionlab o‘quvchilar uchun ta’limni yanada qulay va hamyonbop qilish bo‘lgan.
Physics Wallah Hindistonning onlayn ta’lim bozorida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan. Platforma, asosan, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorlanayotgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan. Unda turli fanlar bo‘yicha kompleks kurslar va onlayn mashg‘ulotlar taklif etiladi. Kurslar narxi o‘rtacha daromadli oilalar uchun ham qulay qilib belgilangan.
Kompaniya investitsiyalar jalb qilish orqali faoliyatini kengaytirgan. 2022-yilda u 9 milliard hind rupiyasi (92 mln 998 ming 710 AQSH dollari), 2024-yilda esa WestBridge Capital va Lightspeed Venture Partners venchur fondlaridan 18,6 milliard rupiy (192 mln 197 ming 334 AQSH dollari) miqdorida investitsiya jalb qilgan.
2022-yil avgust oyida Physics Wallah qiymati 1,1 milliard dollarga baholanib, “yakkashox” kompaniyalar qatoriga kirgan. 2024-yil sentyabriga kelib uning qiymati 2,8 milliard dollarga yetgan.
Hindistonning eng yosh milliarderlaridan biri
2025-yil noyabr oyida Physics Wallah kompaniyasi aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayonini o‘tkazgan. IPO muvaffaqiyatli o‘tib, kompaniya aksiyalari narxi 33 foizga oshgan. Bu esa Alax Pandeyning boyligi ortishiga xizmat qilgan.
Hozirda kompaniya YouTube’da jami qariyb 100 million obunachiga ega 200 dan ortiq kanalni boshqaradi. Shuningdek, u boshqa kompaniyalarni sotib olish orqali faoliyat doirasini kengaytirmoqda.
2022-yilda Physics Wallah Birlashgan Arab Amirliklarida faoliyat yurituvchi Knowledge Planet kompaniyasini sotib olib, u yerdagi hind diasporasini ham qamrab olishni maqsad qiladi. 2023-yilda Hindistonning Xylem Learning ta’lim kompaniyasining 50 foiz ulushini, 2025-yilda esa davlat xizmatiga kirish imtihonlariga tayyorlovchi kompaniyaning 40 foiz ulushini sotib olgan.
Physics Wallah nafaqat imtihonlarga tayyorlovchi kurslarni, balki sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va bank ishi bo‘yicha ta’lim dasturlarini ham taklif etadi. Bundan tashqari, kompaniya Hindistonning bir nechta shtatida an’anaviy, ya’ni oflayn ta’lim markazlarini ochib, bozordagi mavqeini mustahkamlagan.
Bugungi kunda Physics Wallah Hindistonning muvaffaqiyatli ta’lim texnologiyalari kompaniyalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Platforma mamlakatda sifatli va hamyonbop ta’limni keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, 2022-yilda Amazon Prime’da Alax Pandeyning hayoti va muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘li haqida hikoya qiluvchi Physics Wallah nomli serial namoyish etilgan.
Avvalroq, O‘zbekistonda 17 ming nafar o‘qituvchi 1 000 AQSH dollaridan ortiq maosh olayotgani haqida xabar berilgandi.


