Prezidentning tegishli farmoni bilan Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.
2026-yil 3-oktyabr kuni Prezidentning tegishli farmoni bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari birlashtirilib, yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi.
Bugun, 9-oktyabr kuni Turdimov Erkinjon Oqbutayevich O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, tegishli farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiy rahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi.
Ushbu yo‘nalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.
