Surxondaryoda voyaga yetmagan o‘quvchiga shilqimlik qilgan texnikum o‘qituvchisi 5 sutkaga qamaldi

Surxondaryoda voyaga yetmagan o‘quvchiga shilqimlik qilgan texnikum o‘qituvchisi 5 sutkaga qamaldi

Jarqo‘rg‘on tumanidagi texnikumda ishlovchi erkak voyaga yetmagan o‘quvchini dars vaqtida auditoriyadan olib chiqib, unga kafedra xonasida shahvoniy harakatlar qilishga uringan. Sud unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

 

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan o‘quvchiga shahvoniy shilqimlik qilgan texnikum xodimiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda “Daryo” sud hujjati bilan tanishib, xabar berdi.

 

Hodisa joriy yil 25-sentyabr kuni texnikumda ishlab chiqarish ta’lim ustasi bo‘lib ishlovchi erkak o‘ziga biriktirilgan guruhda tahsil olayotgan voyaga yetmagan qizni fizika darsi vaqtida auditoriyadan olib chiqqan.

 

Sud hujjatiga ko‘ra, xodim qizni kafedra xonasiga olib kirib, unga nisbatan nomaqbul harakatlar qilgan. Qiz qarshilik ko‘rsatib, xonadan chiqib ketgan va darsga qaytgan.

 

Shu kuni darslardan so‘ng qizga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Qo‘ng‘iroq qilgan shaxs o‘zini boshqa ism bilan tanishtirib, uni sportzalga chaqirgan. Qiz u yerga borgach, xodim yana unga nisbatan shilqimlik qilgan. Erkakka telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lganidan foydalanib, qiz xonadan chiqib qochgan.

 

O‘quvchi dastlab bu haqda hech kimga aytmagan. Keyinchalik texnikum direktori kelgach, voqea haqida unga ma’lum qilgan.

 

Hammaning oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqdim. Bundan tashqari, direktorimiz yo‘qligi sababli texnikumdagi boshqa xodimlar bu masalada chora ko‘rishiga ishonmadim. Direktorimiz kelgach, barchasini aytib berdim, — degan o‘quvchi.

 

Sudda xodim qizni darsdan olib chiqqanini tan olgan, biroq unga nisbatan shahvoniy harakatlar qilganini rad etgan.

 

Sud xodimni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan shahvoniy shilqimlik qilish huquqbuzarligini sodir etgan deb topgan. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

 

Avvalroq, Navoiyda “Toza hudud” xodimi voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgani haqida xabar berilgandi.