Sho‘rchi tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori fuqaroning kelinini tarbiyachi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 500 AQSh dollari olganlikda aybli deb topildi. Sud unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori fuqarodan uning kelinini tarbiyachi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 500 AQSh dollari olganlikda aybli deb topildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudi sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasi ajrimida ma’lum qilingan.
Sud hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi 2026-yil 10-aprel kuni o‘z xizmat xonasida fuqaroning kelinini mazkur bog‘chaga tarbiyachi sifatida ishga olish uchun 500 AQSh dollari olgan. Hujjatda ushbu mablag‘ olingan vaqtda 500 dollar 6 mln 99 ming 140 so‘mga teng ekani qayd etilgan.
Shundan so‘ng fuqaro holatning qonunga zid ekanini anglab, Ichki ishlar qo‘mitasi Departamentining Sho‘rchi tuman bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. U 2026-yil 23-aprel kuni o‘zining bank plastik kartasidan qaytarilgan 1 mln 230 ming so‘mni naqd ko‘rinishda taqdim etgan.
Shuningdek, sudlanuvchi 24-aprel kuni Departamentning Sho‘rchi tuman bo‘limida aybiga iqror bo‘lib, arizachidan olgan 500 AQSh dollari hisobidan qolgan 4 mln 850 ming so‘mni ixtiyoriy ravishda topshirgan.
Sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topgan. Unga 2 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sud hujjatida qayd etilishicha, dastlabki ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘ida bo‘lgan davri ham hisobga olinib, uzil-kesil o‘tashi lozim bo‘lgan jazo 3 yil 3 oy 28 kun ozodlikni cheklash etib belgilangan.
Mazkur ish bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining sud majlisi 2026-yil 24-sentyabr kuni o‘tkazilgan.
Avvalroq, Qashqadaryoda maktab direktori ishga kiritish evaziga 600 dollar pora olgani haqida xabar berilgandi.

