O‘zbekistonda AQSh kollejining kampusi ochilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda AQSh kollejining kampusi ochilishi kutilmoqda

AQShdagi Green River College O‘zbekistonda o‘z ta’lim kampusini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Yangi loyiha doirasida o‘zbekistonlik yoshlar uchun AQShda ta’limni davom ettirish imkonini beruvchi “1+1+2” modeli ham taklif etilmoqda.

 

Bu haqda O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari va Green River College rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda so‘z bordi.

 

Rejaga ko‘ra, talaba ta’limning birinchi yilini O‘zbekistonda, Green River College’ning AQShdagi kampusida ikkinchi yilni, keyingi ikki yilni esa Amerika oliygohida davom ettirishi mumkin. Shu tariqa, belgilangan qabul, yosh, til va akademik mezonlarga javob beradigan 9-sinf bitiruvchilari ta’lim yo‘lini qisqa muddatda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

 

Hamkorlik doirasida faqat umumiy ta’lim dasturlari emas, balki IT, dasturiy ta’minot, kiberxavfsizlik, buxgalteriya va aviatsiya kabi sohalarda qo‘shma dasturlar tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi.

 

Bundan tashqari, ikki tomon talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan. Green River College O‘zbekistondagi manfaatdor oliy ta’lim muassasalari bilan bevosita hamkorlikni boshlashga tayyorligini bildirgan.

 

Ma’lumot uchun, Green River College 1945-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda unda 15 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ta’lim muassasasida universitetga transfer dasturlari, kasbiy-texnik yo‘nalishlar, amaliy bakalavriat va tayyorlov kurslari mavjud.

 

Avvalroq, Xorazmda Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etilishi haqida ma’lum qilgan edik.