Navoiy va Xorazm viloyatlarida 3–18 yoshdagi bolalarning alohida ta’lim ehtiyojlarini aniqlash bo‘yicha yangi kompleks baholash tizimi joriy etiladi. Yangi tizim orqali bolalarning imkoniyatlari har tomonlama o‘rganilib, ularga mos ta’lim shakli va zarur qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanadi.
Prezidentning 2026-yil 4-avgustdagi 292-son qaroriga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari huzurida Bolani kompleks baholash guruhlari tashkil etilmoqda.
Mazkur guruhlar 3–18 yoshdagi bolalarning alohida ta’lim ehtiyojlarini aniqlaydi. Shuningdek, bolaning imkoniyatlaridan kelib chiqib, unga mos ta’lim shakli va zarur qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilaydi hamda davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltiradi.
Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi
Yangi tizim hududlarda uch bosqichda ishga tushiriladi:
- 1-oktyabrdan — Navoiy va Urganch shaharlarida;
- 1-noyabrdan — Karmana, Qiziltepa, Konimex, Yangibozor, Qo‘shko‘pir tumanlari hamda Xiva shahrida;
- 1-dekabrdan — Navoiy va Xorazm viloyatlarining qolgan tuman va shaharlarida.
Umuman, ikki viloyatda 12 ta kompleks baholash guruhi faoliyat yuritadi. Shundan 5 tasi Navoiy viloyatida, 7 tasi esa Xorazm viloyatida xizmat ko‘rsatadi.
Bola bir necha yo‘nalish bo‘yicha baholanadi
Baholash jarayonida maxsus pedagog, psixolog hamda mahalladagi ijtimoiy xodim ishtirok etadi. Mutaxassislar bolaning ta’lim olish imkoniyatlari, rivojlanishi, muloqot qobiliyati, xulq-atvori, oilaviy va ijtimoiy muhitini kompleks ravishda o‘rganadi.
Jarayonda bolaning ota-onasi yoki qonuniy vakili ham ishtirok etadi. Zarur hollarda tibbiyot mutaxassislari ham baholashga jalb qilinadi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — bolaning faqat muammolarini emas, balki imkoniyatlari, ehtiyojlari va rivojlanish salohiyatini ham har tomonlama baholash orqali unga mos ta’lim sharoitlarini yaratish.
Tizimning yo‘lga qo‘yilishi natijasida xizmatlarning oilalarga yaqinlashishi, har bir bolaning ehtiyojlariga individual yondashish hamda mos ta’lim shakli va qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilash imkoniyati kengayadi.
Batafsil ma’lumot olish yoki murojaat qilish uchun yashash hududidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yoxud mahalladagi ijtimoiy xodimga murojaat qilish mumkin.
