Pedagoglarga milliy sertifikat uchun 50 foizlik chegirma nega qo‘llanmayapti?

Pedagoglarga milliy sertifikat uchun 50 foizlik chegirma nega qo‘llanmayapti?

Ayrim pedagoglardan milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tishda qonunchilikda belgilangan 50 foizlik imtiyozdan foydalana olmayotgani haqida Talimxabarlari.uz tahririyatiga murojaatlar kelib tushmoqda. Holat yuzasidan tegishli tashkilotlardan izoh olishga harakat qilinmoqda.

 

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan pedagog kadrlarning milliy sertifikat hamda chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha imtihonlarda ishtirok etishi uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori amaldagi summaning 50 foizi etib belgilangan.

 

Shunga ko‘ra, pedagoglar milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda 50 foizlik chegirmadan foydalanishi mumkin.

 

Biroq kuni kecha bo‘sh qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ayrim pedagoglar mazkur imtiyozdan foydalana olmagan.

 

Tahririyatimizga hozirga qadar ushbu imtiyoz qo‘llanmayotgani haqida 30 dan ortiq pedagog murojaat qildi. Bu faqat tahririyatimizga kelib tushgan murojaatlar soni bo‘lib, muammoga duch kelgan pedagoglarning umumiy soni bundan ko‘p ham bo‘lishi mumkin.

 

Pedagoglarga milliy sertifikat uchun 50 foizlik chegirma nega qo‘llanmayapti?

 

 

Murojaat qilgan pedagoglarning aytishicha, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tizim pedagog xodimlarga oid tegishli axborot tizimlari orqali ularning imtiyozga egaligini aniqlay olmayapti. Natijada to‘lov to‘liq miqdorda hisoblanmoqda.

 

Qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish uchun talabgorlarga to‘lovni amalga oshirishga bir kun muddat berilgan. Ya’ni shu kunning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish va to‘lovni amalga oshirish talab etilgan. Tizim pedagogning maqomini aniqlay olmagani sababli ayrim pedagoglar 50 foizlik chegirmadan foydalana olmay, to‘lovni to‘liq miqdorda amalga oshirgan.

 

Ushbu holat yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaat qilgan edik. Agentlik mutaxassislari masalani ko‘rib chiqishini bildirgan. Keyinchalik Agentlik matbuot kotibi yuzaga kelayotgan muammo bo‘yicha murojaat my.gov.uz platformasiga yo‘naltirilganini ma’lum qildi.

 

Ayni paytda tahririyatimiz ushbu holat bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning yakuniy munosabatini kutmoqda.

 

Muammoning sababi hamda to‘liq miqdorda to‘lov qilgan pedagoglarga ortiqcha to‘langan summaning qaytarilishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot taqdim etilsa, bu haqda qo‘shimcha xabar beramiz.