Davlat texnikumlari huzurida talabalar startap loyihalari asosida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi belgilandi. Bunday korxonalarga startap loyihalarini amalga oshirish uchun 1 mlrd so‘mgacha grant ajratilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentyabrdagi 524-son qarori bilan texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi belgilandi.
“Spin-off” korxonasi — yangi ishlanmalarga asoslangan startap loyihalari asosida mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish hamda bu jarayonga texnikum o‘quvchilarini jalb qilish maqsadida texnikum huzurida tashkil etiladigan yuridik shaxs hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, bunday korxonalar texnikumda mavjud kasb va yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi. Qaysi texnikumlar huzurida “spin-off” korxonalari tashkil etilishi hududning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan belgilanadi.
“Spin-off” korxonalariga texnikum o‘quvchilarining startap loyihalarini amalga oshirish uchun Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘mgacha grant ajratiladi.
Grant olish uchun korxona ariza, startap loyihasi bo‘yicha batafsil taqdimot, kamida bir nafar pedagog yoki ishlab chiqarish ta’lim ustasi faoliyat yuritayotganini tasdiqlovchi hujjat hamda kamida 5 nafar texnikum o‘quvchisi bilan dual ta’lim bo‘yicha tuzilgan shartnoma nusxalarini taqdim etishi kerak.
Loyihalar Komissiya tomonidan 100 ballik tizim asosida baholanadi.
Bunda:
— innovatsionlik darajasiga 30 ball;
— iqtisodiy samaradorlikka 25 ball;
— bandlikka ta’siriga 20 ball;
— eksport salohiyatiga 15 ball;
— ekologik ta’siriga 10 ball beriladi.
Grant olish uchun minimal o‘tish bali 71 ball etib belgilangan. 70 ball va undan past ball to‘plagan loyiha tanlovdan o‘tmagan hisoblanadi.
Shuningdek, “spin-off” korxonalari uchun texnikumlarning bo‘sh turgan bino, inshoot va maydonlarini 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga foydalanishga berish mumkin. Bunday korxonalar ishlab chiqarish jarayonida sarflanadigan tabiiy gaz, suv va elektr energiyasi xarajatlarini alohida o‘rnatilgan hisoblagichlar ko‘rsatkichlari asosida o‘z hisobidan qoplaydi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida bittadan texnikumda namunaviy “spin-off” korxonasi ishga tushirilishi belgilangan.
“Spin-off” korxonalarining davlat ulushi 5 yil davomida xususiylashtirilmaydi. Shuningdek, ushbu ulushdan korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishidan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
