Imtihonga tayyorlanishda nimalarga e’tibor berish kerak? Mutaxassis tavsiyalari

Imtihonga tayyorlanishda nimalarga e’tibor berish kerak? Mutaxassis tavsiyalari

O‘quvchilar va talabalarning katta qismi imtihonlarga oz fursat qolganda tayyorgarlikni boshlashadi. Tadqiqotlarga ko’ra, bilimlarni uzoqroq muddat xotirada saqlash va imtihonlarda qiynalmaslikni bir nechta yo‘li bor.

  

Imtihon oldidan bir necha soat davomida tinimsiz o‘qish, matnlarni qayta-qayta takrorlash va muhim joylarni marker bilan belgilash ko‘pchilik o‘quvchilarga tanish usullar. Bunday yondashuv imtihondan o‘tishga yordam berishi mumkin, biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, bilimni uzoq muddat xotirada saqlash uchun samaraliroq usullar mavjud.

 

Kognitiv psixolog Puja K. Agarvalning fikricha, odamlar odatda oson tuyulgan ma’lumotni osonroq eslab qolaman, deb o‘ylaydi. Aslida esa o‘rganish jarayonidagi kichik qiyinchiliklar ma’lumotni uzoqroq muddat eslab qolishga yordam beradi.

 

Mashhur “o‘qish usullari”ning barchasi ham samarali emas

 

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qishni yaxshilashga yordam berishi aytiladigan turli usullar keng tarqalgan. Masalan, dars qilayotganda saqich chaynash, efir moylaridan foydalanish yoki musiqa tinglash.

 

Puja K. Agarval “Aqlli o‘qitish, samaraliroq o‘rganish: 10 nafar kognitiv olimdan amaliy tavsiyalar” kitobida bunday usullar o‘quvchining kayfiyatini yaxshilashi yoki uyg‘oq turishiga yordam berishi mumkinligini, ammo ular o‘rganish samaradorligini sezilarli darajada oshirishini tasdiqlovchi yetarli dalillar yo‘qligini ta’kidlaydi.

 

Shuningdek, matnni qayta-qayta o‘qish, muhim joylarni tagiga chizish va marker bilan belgilash ham qisqa muddatda foydali tuyulishi mumkin. Biroq tadqiqotlar bunday usullar uzoq muddatli o‘zlashtirishda katta ustunlik bermasligini ko‘rsatadi.

 

Ma’lumotni eslab ko‘rish — samarali usullardan biri

 

O‘qishda samarali usullardan biri — “retrieval practice”, ya’ni o‘rganilgan ma’lumotni kitob yoki boshqa manbaga qaramasdan xotiradan qayta tiklashdir.

 

Masalan, bir necha sahifani o‘qib bo‘lgach, kitobni yopish va o‘qilgan ma’lumotlardan nimalarni eslab qolganingizni yozib chiqish mumkin.

 

Bunda ma’lumotni shunchaki qayta o‘qish emas, balki uni xotiradan topishga harakat qilish muhim. Bu jarayon miyadagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.

 

Bunday mashqni yozish orqali, boshqa odamga tushuntirish orqali yoki o‘z-o‘ziga savollar berish orqali bajarish mumkin. Faqat “men buni bilaman” deb o‘ylashning o‘zi yetarli emas — ma’lumotni haqiqatan ham xotiradan qayta tiklash kerak.

 

O‘zingizni sinab ko‘ring

 

Keyingi o‘qish mashg‘ulotini boshlashdan oldin bir daqiqa vaqt ajratib, avval nimalarni o‘rganganingizni eslashga harakat qilish ham foydali.

 

Agar imkon bo‘lsa, mavzu bo‘yicha esingizda qolgan barcha ma’lumotlarni qog‘ozga yozib chiqish mumkin. Mutaxassislar buni “brain dump”, ya’ni miyadagi ma’lumotlarni qog‘ozga tushirish usuli deb ataydi.

 

Shundan so‘ng o‘zingizga quyidagi savollarni berishingiz mumkin:

 

— Men uchun mavzuning qaysi qismi eng qiyin bo‘ldi?
— O‘rganganlarimning qanchasini eslab qolganman?
— Bilimimni 0 dan 100 gacha baholasam, necha ball bergan bo‘lardim?

 

Bu usul insonning o‘z o‘rganish jarayonini tahlil qilishiga yordam beradi.

 

Bir kunda 3 soat emas, bir necha kunda 1 soatdan o‘qing

 

O‘qishni bir kunga yig‘ib qo‘yishdan ko‘ra, uni bir necha kunga taqsimlash samaraliroq hisoblanadi.

 

Masalan, juma kuni imtihon bo‘lsa, payshanba kuni uch soat davomida tayyorlanish o‘rniga dushanba, chorshanba va juma kunlari bir soatdan o‘qish mumkin.

 

Bir kechada uch soat o‘qish imtihondan o‘tishga yordam berishi mumkin, ammo o‘rganilgan ma’lumot tezroq unutilishi ehtimoli yuqori. O‘qishni vaqt bo‘yicha taqsimlash esa bilimni uzoq muddat saqlab qolishga yordam beradi.

 

Unutish ham o‘rganishning bir qismi

 

Unutishni “o‘qishdagi muvaffaqiyatsizlik” deb qabul qilmaslik kerak. Ma’lumotning bir qismini esdan chiqarish tabiiy jarayon.

 

Asosiysi, vaqt o‘tib, o‘sha ma’lumotni yana xotiradan tiklashga harakat qilishdir. Aynan shu jarayon bilimni mustahkamlashga yordam beradi.

 

Uyquni qurbon qilmang

 

Yaxshi o‘rganish uchun faqat o‘qish usullariga e’tibor qaratish yetarli emas. Yetarli uyqu ham xotirani mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘quvchilar imtihon oldidan tun bo‘yi uxlamay, dars qilishni ko‘pincha foydaliroq deb o‘ylashadi. Aslida esa uyqu vaqtida kun davomida o‘rganilgan ma’lumotlar xotirada mustahkamlanadi. Shu sababli imtihon oldidan tun bo‘yi uxlamasdan o‘qish samarali strategiya hisoblanmaydi.

 

Xulosa qilib aytganda, imtihonga tayyorlanishda ma’lumotni qayta-qayta o‘qishdan ko‘ra, uni xotiradan qayta tiklash, o‘qishni bir necha kunga taqsimlash, o‘z bilimini tekshirish va yetarlicha uxlash uzoq muddatli o‘zlashtirish uchun muhimroq.

 

Avvalroq, dunyodagi eng qimmat va nufuzli universitetlarda talabalar nimalarni o‘rganishi va ularning qancha kontrakt to’lashi haqida qiziqarli maqola tayyorlagan edik.