2027/2028-o‘quv yilidan oliy ta’limda dual ta’lim yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda talabalar nazariy bilim bilan birga amaliyot o‘taydi, korxona tomonidan ish haqi oladi va bitirgach kamida 2 yil ish beruvchi tashkilotda ishlab berishi belgilangan.
Prezidentning “Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 29-sentyabrdagi PF–209-son Farmoni qabul qilindi.
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida ish beruvchilar buyurtmasi asosida, bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Mazkur tizim “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, dual ta’limga qabul qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va qabul parametrlari OTTar tomonidan har yili 1-sentyabrga qadar belgilanadi.
Dual ta’limda o‘qish uchun nomzodlar ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan tanlov asosida saralab olinadi.
Bunda:
- nomzodlar korxonaning yo‘llanmasi asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihonsiz yoki buyurtmasi asosida saralash imtihoni natijasiga ko‘ra o‘qishga qabul qilinadi;
- texnikumlarning oliy taʼlim bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilarga dual taʼlim shaklida mos bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarining 2 yoki 3-kursidan o‘qishini davom ettirishga ruxsat beriladi;
- dual ta’lim OTT, ish beruvchi va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi.
Bunda:
- korxona tomonidan talabaga oʻqish davri davomida oʻzining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik ish haqi toʻlanadi;
- talaba bitirgandan soʻng kamida 2 yil mazkur korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab berish majburiyatini oladi;
- o‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga ajratiladi, qolgan qismi esa amaliy tayyorgarlik asosida tashkil etiladi;
- dual ta’lim jarayonidagi amaliy mashg‘ulotlar va talabalarning ishtiroki CareerEdu platformasi orqali monitoring qilib boriladi;
- davlat va davlat ulushi bo‘lgan korxonalarga dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha OTTlarga buyurtma berish hamda xarajatlarni byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplashga ruxsat beriladi;
- talabalar o‘qishini dual taʼlim shaklidan taʼlimning boshqa shakllariga ko‘chirishga ruxsat berilmaydi, faqat o‘zgartirishga korxona bilan tuzilgan shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.
Avvalroq, bo‘lib o‘tgan prezident uchrashuvida kelasi yildan “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan barcha oliygohlarda amal qilishi haqida ma’lum qilingandi.
