Fransiyada o‘quvchilarning ta’lim sharoitlariga qarshi namoyishlari mamlakat bo‘ylab tarqalib, ayrim shaharlarda politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylandi. Joriy yil 30-sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi 625 kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan.
Fransiyada o‘tgan hafta boshlangan maktab o‘quvchilarining norozilik namoyishlari mamlakatning boshqa hududlariga ham tarqaldi. O‘quvchilar o‘qituvchilar yetishmasligi, sinflarning haddan tashqari gavjumligi va maktab binolarining yomon ahvolidan norozi.
Ayrim shaharlarda namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib, yuzlab odamlar hibsga olingan. Joriy yil 30-sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi 625 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi, Ta’lim vazirligi esa namoyishlar boshlanganidan beri 119 nafar o‘quvchi va maktab xodimi jarohatlanganini bildirgan.
Noroziliklar Parij atrofida boshlandi
AFP agentligining yozishicha, Fransiyadagi litsey o‘quvchilarining noroziliklari o‘tgan hafta Parijni o‘z ichiga olgan Il-de-Frans mintaqasida boshlangan. 15–18 yoshdagi o‘quvchilar maktablar kirish joylarini to‘sib, ta’lim sharoitlarini yaxshilashni talab qila boshlagan.
O‘quvchilarning asosiy talablari orasida o‘qituvchilar yetishmasligini bartaraf etish, sinflardagi o‘quvchilar sonini kamaytirish, maktab binolarining holatini yaxshilash va dars jadvallarini qayta ko‘rib chiqish bor. Ayrim o‘quvchilar yoz oylaridagi jazirama issiqlar paytida sinfxonalarda haroratning haddan tashqari ko‘tarilganidan ham shikoyat qilgan.
O‘quvchilar uyushmasi — Union Syndicale Lycéenne (USL) esa ta’lim tizimidagi resurslar yetishmasligini asosiy muammolardan biri sifatida ko‘rsatmoqda.
Namoyishlar boshqa shaharlarga tarqaldi
Ma’lum qilinishicha, mazkur harakat qisqa vaqt ichida mamlakatning boshqa hududlariga ham yoyilgan. Lill, Lion, Marsel, Bordo, Nant, Renn va boshqa shaharlarda o‘quvchilar maktablar oldida to‘planib, kirish joylarini to‘sib qo‘ygan.
Joriy yil 29-sentyabr kuni Lill shahridagi Sezar Badjo litseyi atrofida vaziyat keskinlashgan. Namoyishchilar chiqindi qutilariga o‘t qo‘yib, politsiyaga butilka, tosh va boshqa buyumlarni uloqtirgan. Ayrim bekatlar va reklama konstruksiyalariga ham zarar yetkazilgan. Politsiya bunga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan.
Euronews nashri ma’lumotiga ko‘ra, Nant shahrida o‘quvchilar Gabriel Gist’o litseyi kirish qismiga o‘nlab chiqindi qutilarini yig‘ib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Renn shahridagi Breshiniy litseyida esa yuzga yaqin o‘quvchi binoga turli buyumlarni uloqtirgan. Parijda ham Arago litseyi yonida o‘quvchilar va politsiya o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan.
Fransiya Ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 29-sentyabr kuni mamlakat bo‘ylab qariyb 400 ta litseyda namoyishlar yoki boshqa tartibsizliklar kuzatilgan. Fransiyada jami 3 700 ga yaqin litsey mavjud.
Hibsga olishlar va jarohatlar ko‘paydi
Ta’kidlanishicha, namoyishlar kuchaygani sari hibsga olishlar soni ham oshib bormoqda. Dastlab Ichki ishlar vazirligi 164 kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan edi.
Keyingi kunlarda esa raqam sezilarli darajada oshgan. Ichki ishlar vaziri Loran Nyunez 30-sentyabr kuni 625 kishi hibsga olinganini bildirgan. Ta’lim vaziri Eduar Jefre esa namoyishlar boshlanganidan beri 119 nafar o‘quvchi va maktab xodimi jarohatlanganini ma’lum qildi.
Ayrim holatlarda politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va tayoqlardan foydalangan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, huquq-tartibot xodimlariga turli buyumlar, jumladan, xlorid kislota solingan idishlar uloqtirilgan yetti holat qayd etilgan.
Shu bilan birga, politsiyaning kuch ishlatgani uchun tanqidlar ostida qolgan. Ayrim hodisalar bo‘yicha tekshiruvlar boshlangan.
O‘quvchilar: muammo ta’lim sharoitlarida
Namoyishlarda qatnashayotgan o‘quvchilar zo‘ravonlikni maqsad qilmaganini, asosiy talab ta’lim sharoitlarini yaxshilash ekanini aytmoqda.
Sen-Deni shahridagi Paul-Elyuar litseyi o‘quvchilari France Inter radiosiga bergan intervyusida o‘z fikrlarini bildirishga uringanlarida politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatganini aytgan.
16 yoshli o‘quvchilardan biri AFP agentligiga:
Biz hech qanday sababsiz hamma narsani vayron qilish uchun bu yerda emasmiz. Biz ta’lim tizimi butunlay izdan chiqqanini aytish uchun shu yerdamiz. Sinfimizda 34 nafar o‘quvchi bor. O‘qituvchilar haddan tashqari ko‘p ishlamoqda, — degan.
Reuters agentligiga gapirgan 17 yoshli Fadila esa ayrim maktablarda tarakan va kalamushlar borligini, sinfxonalardagi harorat esa ob-havoga qarab keskin o‘zgarishini aytgan.
O‘quvchilarning noroziliklari davlat sektori xodimlarining mamlakat bo‘ylab ish tashlash va namoyishlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.
O‘qituvchilar, o‘t o‘chiruvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa davlat sektori vakillari hukumatning 2027-yil byudjeti doirasidagi xarajatlarni qisqartirish rejalari, ish haqi va mehnat sharoitlari yuzasidan norozilik bildirgan. Shu sababdan, 29-sentyabr kuni mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan davlat sektori namoyishlarida Ichki ishlar vazirligi hisobiga ko‘ra, 206 ming kishi qatnashgan.
O‘qituvchilar uyushmalari ham ta’lim tizimidagi xodimlar yetishmasligi va mehnat sharoitlari bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarmoqda.
Hukumat zo‘ravonlikni qoralamoqda
Fransiya Bosh vaziri Sebastyen Lekornu maktablar yaqinidagi zo‘ravonlik holatlarini qoraladi. U o‘quvchilar, maktab xodimlari va politsiya xodimlarini xavf ostiga qo‘yadigan harakatlarni oqlab bo‘lmasligini aytgan.
Ta’lim vaziri Eduar Jefre esa o‘quvchilarning ayrim talablarini qonuniy deb hisoblashini, biroq namoyishlar vaqtida yuz berayotgan zo‘ravonliklardan xavotirda ekanini bildirgan.
Ichki ishlar vaziri Loran Nyunez ham maktablar oldidagi zo‘ravonliklarni tanqid qilib, ayrim namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashuvga tayyor holda kelganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u politsiyaning harakatlari mutanosib bo‘lganini aytgan.
Namoyishlar davom etishi kutilmoqda
O‘quvchilar uyushmasi USL noroziliklarni davom ettirishga chaqirgan. Tashkilot 6-oktyabr kuni mamlakat miqyosida katta namoyish o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.
Namoyishlar Fransiya hukumati 2027-yilgi byudjet loyihasini taqdim etishi arafasida davom etmoqda. Hukumat davlat byudjeti taqchilligini yalpi ichki mahsulotning 5 foizi atrofida ushlab turishni rejalashtirmoqda. Byudjet loyihasida xarajatlarni qisqartirish va tejamkorlik choralari ko‘zda tutilishi kutilmoqda.





