13 yoshli o‘quvchi tarixiy shaxslar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi AI platforma ishlab chiqdi

13 yoshli o‘quvchi tarixiy shaxslar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi AI platforma ishlab chiqdi

13 yoshli o‘quvchi tarixiy shaxslar bilan ovoz orqali muloqot qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt platformasini yaratdi. RAG texnologiyasiga asoslangan loyiha javoblarni maktab darsliklari doirasida shakllantiradi, suhbat yakunida esa o‘quvchi uchun dars konspektini avtomatik tayyorlaydi.

 

Rossiyada 13 yoshli maktab o‘quvchisi tarixiy shaxslar bilan sun’iy intellekt yordamida ovoz orqali muloqot qilish imkonini beruvchi yangi AI platformani ishlab chiqdi. Mazkur loyiha ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, foydalanuvchilarga tarixiy shaxslar bilan go‘yoki bevosita suhbatlashayotgandek muloqot qilish imkonini beradi.

 

Platforma RAG (Retrieval-Augmented Generation — qidiruv orqali to‘ldirilgan generatsiya) arxitekturasi asosida ishlaydi. Ushbu texnologiya sun’iy intellekt tomonidan beriladigan javoblarni oldindan belgilangan va ishonchli manbalar, xususan, rasmiy maktab darsliklari bilan bog‘lash imkonini beradi. Shu sababli tizimning javoblari maktab o‘quv dasturi doirasidan chiqmasligi ko‘zda tutilgan.

 

Platformaning yana bir funksiyasi — muloqot yakunlangach, o‘tilgan mavzu bo‘yicha PDF formatida dars konspektini avtomatik shakllantiradi. Bu o‘quvchiga suhbat davomida olingan ma’lumotlarni qayta ko‘rib chiqish va dars materiallarini mustahkamlash imkonini beradi.

 

Loyihaga “SberObrazovanie” kompaniyasi ham qiziqish bildirgan. Kompaniya platformani ta’lim jarayonida qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganib, uni pilot loyiha doirasida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

 

Yosh dasturchining loyihasi joriy yil 30-sentyabr kuni Moskva startap sammitining demo-kunida keng jamoatchilikka taqdim etdi. Tadbir davomida u o‘z ishlanmasi, platformaning imkoniyatlari va undan ta’lim sohasida foydalanish istiqbollari haqida ma’lumot bergan.

 

Avvalroq, qozog‘istonlik talabalar o‘qituvchilar uchun dars sifatini oshiradigan AI-platformani ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.