Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etiladi

Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etiladi

Har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratiladi.

 

Bugun — 29-sentyabr kuni Prezident Koʻksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning ota-onalari va murrabiylar bilan uchrashdi.

 

Jumladan, Prezident har bir chempion ortida uning ota-onasi, birinchi ustozi, murabbiylari va qoʻllab-quvvatlagan butun bir jamoa turishini, mazkur gʻalaba ularning ham mehnati samarasi ekanligini taʼkidladi.

 

Shuningdek, jamoa murabbiyi Rustam Qosimjonovga alohida murojaat qilib, uning jahon chempionligi oʻzbek shaxmatida yangi davrni boshlab bergani, bugun esa orttirgan tajribasi yangi avlodga oʻtayotganini eʼtirof etdi.

 

“Ustozning eng katta gʻalabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir”, — dedi Prezident.

 

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb eʼtirof etildi. Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy prezidenti etib saylandi.

 

Toʻrt yil avval Hindistonning Chennay shahrida terma jamoamiz ilk bor shaxmat olimpiadasi chempioni boʻldi. 2024-yil Budapeshtda uchinchi oʻrinni egalladi, bugun esa Samarqandda yana oltin medalga erishdi.

 

“Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi darajasi”, – dedi Prezident.

 

Davlat rahbari avval ham mamlakatda isteʼdodli shaxmatchilar koʻp boʻlganini, biroq ularni qoʻllab-quvvatlaydigan va birlashtiradigan tizim yetishmaganini qayd etdi. 2018-yilda qabul qilingan qarordan soʻng maktablarda shaxmat oʻqitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi.

 

Besh yil avval FIDE reytingidagi eng kuchli oʻn mamlakat qatoriga kirish maqsad qilingan edi.

 

“Bizning ezgu maqsadimiz ortigʻi bilan reallikka aylanib ulgurdi”, – dedi davlat rahbari hamda ushbu natijaning asosida uzoq muddatli strategiya va izchil mehnat turganini taʼkidladi.

 

Soʻnggi oʻn yilda 17 nafar o’zbek shaxmatchisi xalqaro grossmeyster unvonini oldi, ularning besh nafari ayollardir. Prezident chempionlar hali juda yosh ekani, ularning ortidan esa yuzlab va minglab isteʼdodli bolalar yetishib kelayotganini qayd etdi.

 

Prezident keyingi maqsadni shunday belgiladi: “Yangi Oʻzbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantiramiz”.

 

Shaxmatchilarning Olimpiadadagi har bir gʻalabasi va yurishini yurtimizda millionlab bolalar kuzatdi. Prezident ulardan ilhomlangan yana minglab yoshlar shaxmat taxtasi oldiga oʻtirganiga ishonch bildirdi.

 

“Sizlar endi faqat sportchi emassizlar. Sizlar Yangi Oʻzbekiston yoshlari uchun aql, bilim, sabr, intizom va gʻalabaga ishonch timsolisizlar”,– dedi Prezident chempionlarga murojaat qilib.

 

Shu bois, har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish zarurligi taʼkidlandi.

 

Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish boʻyicha alohida tizim tashkil etiladi.

 

Tadbir davomida shaxmatchilar va ularning murabbiylariga pul mufokoti hamda uy va mashina sovg’a qilindi.