Bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun javobgarlik keskin kuchaytiriladi

Bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun javobgarlik keskin kuchaytiriladi

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining ma’lum qilishicha, 27-avgust kuni «Adolat» SDP fraksiyasi tashabbusi bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yig‘ilishida qonun loyihasini Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqida tegishli qaror qabul qilingan va  palataning Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi ushbu qonun loyihasiga mas’ul etib belgilangan.

 

«Adolat» SDP fraksiyasi tashabbusi asosida kiritilgan mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini keskin kuchaytirishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.

 

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi quyi palataning 29-sentyabr kuni o‘tkaziladigan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.

 

Avvalroq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o’rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan jinsiy zo’ravonlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi qo’llanish taklifini ilgari surgan edi.