Maktab darsliklari yangilanadi: yangi o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqishda Finlyandiya va Singapur tajribasi qo‘llanilmoqda

Maktab darsliklari yangilanadi: yangi o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqishda Finlyandiya va Singapur tajribasi qo‘llanilmoqda

O‘zbekistonda maktab darsliklari xalqaro tajriba asosida yangilanmoqda. Boshlang‘ich sinflarda Finlyandiya, 5–7-sinflarda esa Singapur tajribasidan foydalanilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.

 

Taqdimotda avvalgi darsliklar tahlilining natijalari koʻrib chiqildi. Jumladan, 260 ta darslikda 1 ming 257 ta xato, 51 ta darslikda 464 ta tarjima xatosi aniqlangan. Ayrim materiallar oʻquvchilarning yoshiga mos kelmagan, mavzular murakkab bayon qilingan. Yodlashga ustuvorlik berilgani esa bolalarning mustaqil tahlil qilishi va olgan bilimini hayotda qoʻllashiga yetarlicha xizmat qilmagan.

 

Shu bois, yangi oʻquv adabiyotlarini tayyorlashda xalqaro tajribaga murojaat qilingan. Boshlangʻich sinf darsliklari Finlyandiya taʼlim alyansi sertifikatsiyasidan oʻtgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi.

 

Maktab darsliklari yangilanadi: yangi o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqishda Finlyandiya va Singapur tajribasi qo‘llanilmoqda

 

Yangi yondashuvda oʻquvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Taʼlim standarti, oʻquv dasturi, darslik va baholash oʻzaro bogʻliq holda shakllantirilib, mavzularning yoshga mosligi, izchilligi hamda bilimni amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga eʼtibor qaratiladi. 2027-yilga qadar jami 1 ming 342 nomdagi darslik va oʻquv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan topshiriqlar oʻrin olmoqda. Bola tayyor javobni eslab qolish bilan cheklanmay, savol berishi, maʼlumotni tahlil qilishi, oʻz fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi koʻzda tutilgan.

 

Ta’kidlanishicha, oʻquv materiallarida kasbga yoʻnaltirish ham alohida oʻrin egallaydi. Ayni yoʻnalishda 255 ta dars ishlab chiqilgan boʻlib, ular bolalarga oʻz qiziqishlarini anglash va kelgusida kasbni ongli tanlashga yordam berishga qaratilgan. Darsliklardagi qahramonlar orqali doʻstlik, masʼuliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga yaqin misollarda ochib beriladi.

 

Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy savodxonlik boʻyicha pulni hisoblash, tejash, jamgʻarish hamda xaridni rejalashtirish, raqamli savodxonlik boʻyicha esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalari qamrab olingan.