Ohangarondagi 3 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisi vafoti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ohangarondagi 3 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisi vafoti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli tarbiyalanuvchining vafoti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hodisa bo‘yicha bir nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan.

 

Avvalroq, Ohangaronda 3 yoshli bola bogʻchada yelim idishdagi hasharotlarga qarshi dorini ichib qoʻyishini natijasida vafot etgani haqida Toshkent viloyati MMTB ma’lumotiga tayanib xabar bergan edik.

 

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, 2026-yil 28-avgust kuni ushbu davlat bog‘chasida 2023-yil 16-iyulda tug‘ilgan o‘g‘il bola tashkilot oshxonasida turgan hasharotlarga qarshi dori vositasini iste’mol qilib, zaharlangan.

 

Tarbiyalanuvchi shahar Tibbiyot birlashmasida davolangan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, u 2026-yil 30-avgust kuni vafot etgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi — kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

 

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, tergov jarayonida holat har tomonlama o‘rganilib, aniqlangan har bir holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.

 

Tergov natijalari haqida qonunchilikda belgilangan tartibda ma’lum qilinishi ta’kidlangan.

 

Avvalroq, Buxoroda 3 yoshli qizchaning o‘limiga sabab bo‘lgan bog‘cha rahbariga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berilgandi.