Ohangarondagi bog‘chada hasharotlarga qarshi vositani ichib qo‘ygan 3 yoshli bola vafot etdi

Ohangarondagi bog‘chada hasharotlarga qarshi vositani ichib qo‘ygan 3 yoshli bola vafot etdi

Ohangaronda 3 yoshli bola bogʻchada yelim idishdagi hasharotlarga qarshi dorini ichib qoʻyishini natijasida vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi xabar berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, 28-avgust kuni Ohangaron shahridagi 6-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida 2023-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi ishlatiladigan dori vositasini ichib qoʻygan.

 

Bola shifoxonaga olib borilgan, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, bolaning buvisi mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti oshxonasida autsorsing tashkiloti xodimi — oshpaz boʻlib ishlagan. Hodisa bola buvisining yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda sodir boʻlgani aytilmoqda.

 

Tegishli tashkilotlar bolaning oshxonaga qanday kirgani, xavfli vosita nima sababdan uning qoʻli yetadigan joyda turgani va uni saqlash uchun kim masʼul boʻlganini oʻrganmoqda.

 

Holat yuzasidan yakuniy xulosa tergov va surishtiruv ishlari natijalariga koʻra beriladi. Hodisaning barcha jihatlari har tomonlama tekshirilishi, aybdorligi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonun doirasida chora koʻrilishi bildirilgan.