Oʻzbekistonda talabalar uchun qanday nomdor stipendiyalar joriy etilgan?

Oʻzbekistonda talabalar uchun qanday nomdor stipendiyalar joriy etilgan?

Hukumatning tegishli qarori bilan bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun 10 dan ortiq Prezident va nomli stipendiyalar ta’sis etilgan. 

 

Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga toʻlanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga muvofiq Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun stipendiyalar va ularning miqdorlari belgilangan.

 

 

Oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “aʼlo” boʻlgan (koʻpi bilan 25 foizi “yaxshi”) hamda ilmiy yoki ijodiy faoliyatda faol ishtirok etayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oxirgi ikki kurs talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari taʼsis etilgan:

 

–  pedagogika yoʻnalishida – Abdulla Avloniy;

–  texnika yoʻnalishlarida – Beruniy;

–  tibbiyot yoʻnalishlarida – Ibn Sino;

–  gumanitar yoʻnalishlarda – Navoiy;

–  tabiiy fanlar yoʻnalishlarida – Ulugʻbek;

–  tarix va geografiya yoʻnalishlarida – Bobur;

–  jismoniy madaniyat va sport yoʻnalishlarida – Pahlavon Mahmud;

–  Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlarida – Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov;

–  Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida – Imom al-Buxoriy;

–  barcha yoʻnalishlarda – Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari.

 

Ushbu nomdor stipendiyalarning miqdori qancha?

 

1.  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi – 2 191 541 so’m

 

2. Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyalari – 1 461 028 so’m

 

3. Davlat granti asosida, shuningdek, bir yillik oʻqitish qiymatining stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan, barcha fanlar boʻyicha faqat “aʼlo” oʻzlashtirish koʻrsatkichiga (reyting koʻrsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega boʻlgan talabalar uchun stipendiya – 621 456 so’m

 

4. Davlat granti, shuningdek, stipendiyali toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun bazaviy stipendiya va qizlar uchun maxsus stipendiya – 517 880 so’m

 

5. 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan talabalar uchun stipendiya – belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi

 

6. Alohida qobiliyat va iqtidor egasi boʻlgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun qoʻshimcha toʻlov – belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foizgacha yuqori miqdorda nazarda tutiladi

 

7. Toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalar uchun stipendiya  –  talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) miqdorda nazarda tutiladi

 

Eslatma! Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisidagi farmonlari qabul qilinishi munosabati bilan oliy taʼlim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari oʻzgargan taqdirda, Oliy taʼlim , fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan oliy taʼlim muassasalari talabalari stipendiyalarining jadvalda koʻrsatilgan miqdorlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.

 

Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

 

Stipendiyalar uchun tanlov qanday amalga oshiriladi?

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzida oʻtkaziladi.

 

Ushbu bosqichda Prezident davlat stipendiyasi uchun eng koʻp ovoz olgan uch nafar, nomli stipendiyalar boʻyicha esa ajratilgan har bir kvota uchun eng koʻp ovoz toʻplagan uch nafargacha nomzod oliy taʼlim tashkilotlari kengashlari tomonidan keyingi bosqichga tavsiya etiladi.

 

Stipendiya sovrindorlari talabgorlarning ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari hamda test sinovlari natijalariga asosan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida tashkil etilgan tanlov komissiyalari qarori bilan aniqlanadi.

 

Muhim! Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohiblari bakalavriatni tamomlaganidan soʻng ikki yil, nomli davlat stipendiyalari sohiblari esa bir yil davomida tegishli mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Eslatma! Talabalar uchun Amir Temur nomli davlat stipendiyasi joriy etilishi mumkin. Bu bo’yicha qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.