Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida ishlash istagidagi O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish, til va kasbiy tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun 5 ming yevrogacha maqsadli ssuda ajratish taklif etilmoqda.
Muhokamalar portaliga “Qashqadaryo viloyatida Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamkorlikda yoshlarni xalqaro standartlar asosida nemis tili va kasb-hunarga tayyorlash hamda ularni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyiha bilan Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi Kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasini rivojlantirish jamg‘armasining maqomi, asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, boshqaruv tizimi va moliyaviy ta’minoti belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Xorijga ishlash uchun ketuvchilarga 5 ming yevrogacha ssuda
Loyihaga ko‘ra, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida tartibli mehnat migratsiyasi doirasida ishlash istagida bo‘lgan hamda belgilangan saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekiston fuqarolariga 5 ming yevro ekvivalentigacha maqsadli ssuda ajratilishi taklif etilmoqda.
Mazkur mablag‘lar nomzodlarni O‘zbekistonda nemis standarti asosida til va kasbga tayyorlash, shuningdek, ularning xorijga chiqishi bilan bog‘liq xarajatlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ssuda Jamg‘arma va nomzod o‘rtasida Fuqarolik kodeksining 732-moddasi talablariga muvofiq tuziladigan “Maqsadli qarz shartnomasi” asosida ajratiladi. Unda mablag‘larni qaytarish muddati va tomonlarning majburiyatlari belgilanadi.
Ssuda mablag‘larini uch bosqichda ajratish nazarda tutilmoqda:
- tayyorgarlik bosqichi — nomzod dastur doirasida o‘qishga qabul qilinganidan va maqsadli qarz shartnomasi imzolanganidan so‘ng;
- xorijga jo‘nab ketish bosqichi — xorijiy ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilgan hamda dastur talablariga muvofiq til sertifikati mavjud bo‘lganida;
- moslashish bosqichi — nomzod xorijga jo‘nab ketganidan keyin, ssuda shartnomasida nazarda tutilgan hollarda.
Ssuda ajratilishida mehnatga layoqatli, doimiy daromadga ega va qoniqarli kredit tarixiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining kafilligi talab qilinishi belgilangan.
Yetti hududdagi texnikumlarda yangi yo‘nalishlar ochilishi mumkin
Qaror loyihasida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining kamida bittadan texnikumida yuk va yo‘lovchi avtotransport vositalarini boshqarish bo‘yicha ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Bunda o‘quvchilarni D va CE toifalari bo‘yicha avtotransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi ta’lim dasturlari asosida o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Kimlar dastur ishtirokchisi bo‘ladi?
Loyihaga ko‘ra, nomzod Jamg‘arma tomonidan belgilangan saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, dastur doirasida o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingach va Jamg‘arma bilan maqsadli qarz shartnomasini imzolagach, dastur ishtirokchisiga aylanadi.
Ajratilgan mablag‘lardan o‘qish va kasbiy tayyorgarlik, xorijga jo‘nab ketish hamda zarur hollarda moslashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun foydalanish mumkin.
Shu bilan birga, ayrim holatlarda fuqaro dastur ishtirokchilari safidan chiqarilishi mumkin. Bunda:
- uzrli sabablarsiz oʻquv mashgʻulotlarida muntazam qatnashmagan yoki oʻquv dasturini davom ettirmagan;
- oʻquv dasturini oʻzlashtira olmagan va belgilangan nazorat yoki baholash natijalariga koʻra oʻqishni davom ettirish imkoniyati mavjud emasligi aniqlangan;
- dastur doirasida belgilangan oʻquv, til yoki kasbiy tayyorgarlik talablarini bajarmagan;
- oʻz xohishiga koʻra dasturda ishtirok etishni toʻxtatgan;
- dasturga qabul qilinishi yoki ssuda ajratilishi uchun taqdim etgan hujjatlarida yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlangan;
- Jamgʻarma bilan tuzilgan maqsadli qarz shartnomasi shartlarini buzgan;
- qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Bunday holatda chiqarish Jamg‘arma direktori qarori asosida amalga oshiriladi va nomzodga bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabar beriladi.
Muhim jihati shundaki, dasturdan chiqarilish fuqaroning Jamg‘arma oldidagi ssuda majburiyatlarini bekor qilmaydi. Bunda mablag‘larni qaytarish tartibi maqsadli qarz shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Xorijiy ish beruvchini nomzodning o‘zi ham topishi mumkin
Dastur doirasida belgilangan taʼlim va kasbiy tayyorgarlikni muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli xalqaro yoki xorijiy til sertifikatini olgan Nomzod Jamgʻarma tomonidan taklif etilgan ish oʻrniga joylashish bilan bir qatorda, mustaqil ravishda xorijiy ish beruvchini topish va mehnat shartnomasi tuzish huquqiga ega.
Nomzodning mustaqil ravishda xorijiy ish beruvchini topishi va ishga joylashishi uning Jamgʻarma oldidagi ssuda boʻyicha majburiyatlarini bekor qilmaydi yoki oʻzgartirmaydi.
Nomzod Jamgʻarma bilan tuzilgan maqsadli qarz shartnomasiga muvofiq, Germaniyada yoki boshqa xorijiy davlatda mehnat faoliyatini boshlagan sanadan eʼtiboran 12 oy ichida ssudaning toʻliq summasini Jamgʻarmaga qaytarishi shart.
Ssudani qaytarish grafigi, toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va muddatlari maqsadli qarz shartnomasida belgilanadi.
Avvalroq, talabalar uchun Amir Temur nomli davlat stipendiyasi joriy etilishi bo‘yicha hukumatning qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.
