6 yoshli xitoylik qiz rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha jahon rekordini ikki marta yangiladi (video)

6 yoshli xitoylik qiz rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha jahon rekordini ikki marta yangiladi (video)

Xitoylik 6 yoshli Lian Yunzhi 3×3×3 Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon rekordini ikki marta yangiladi. U avval 4,52 soniyalik o‘rtacha natija qayd etgan bo‘lsa, ikki kun o‘tib bu ko‘rsatkichni 4,27 soniyagacha yaxshiladi.

 

Lian Yunzhi sentyabr oyida Vuxan shahrida o‘tkazilgan World Cube Association tomonidan sertifikatlangan musobaqada besh marta kubik yig‘ib, o‘rtacha 4,52 soniyalik natija qayd etgan. Shu tariqa u ayollar o‘rtasidagi 3×3×3 Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan.

 

Oradan ikki kun o‘tib, 14-sentyabr kuni Guanchjou shahridagi navbatdagi musobaqada ishtirok etgan Lian bu natijani yana yaxshiladi. U beshta urinishni o‘rtacha 4,27 soniyada yakunlab, o‘zining avvalgi jahon rekordini yangiladi. Shu natija bilan u 3×3×3 kubigini besh marta yig‘ish bo‘yicha o‘rtacha natijada 4,5 soniyadan pastga tushgan ilk ayol speedcuber bo‘ldi.

 

Lian Chengdu shahrida yashaydi. U Rubik kubigini ilk bor 4 yoshida yig‘ishga urinib ko‘rgan. Dastlab kubikni yig‘ishga qariyb 90 soniya sarflagan bo‘lsa, keyinchalik bu yo‘nalishda muntazam shug‘ullana boshlagan.

 

Hozir u kubikni yig‘ishning 1 300 dan ortiq algoritmini o‘zlashtirgan va kuniga taxminan 2–3 soat mashq qiladi. Ota-onasi esa uning mahoratini oshirish uchun Shanxaydagi tajribali murabbiylardan ta’lim olishiga sharoit yaratgan.

 

Guanchjoudagi rekord natijasini tashkil etgan beshta urinishdan eng tezkorida Lian kubikni 4,02 soniyada yig‘gan. Uning Vuxandagi musobaqadagi alohida eng yaxshi natijasi esa 3,54 soniyani tashkil qilgan.

 

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 13 yoshli xitoylik Chen Chjenning Rubik kubigini bir qo‘lda yig‘ish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgani haqida xabar bergan edi. U “Wuhu Open 2026” musobaqasida beshta urinish bo‘yicha o‘rtacha 6,99 soniyalik natija qayd etib, bir qo‘lda kubik yig‘ishda 7 soniyadan tezroq natija ko‘rsatgan ilk speedkuber bo‘lgan.